TOShKENT, 1 dek — Sputnik. “Ishga marhamat” monomarkazida Rossiya Xalqlar do‘stligi universitetining O‘zbekistondagi vakolatxonasining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Marosim doirasida Rossiyada ishlash istagidagi fuqarolarni rus tiliga o‘qitish bo‘yicha dasturga start berildi.
Mamlakatda Rossiya Federatsiyasida ishlash istagidagi bo‘lgan va ushbu davlatda mehnat qilayotgan fuqarolarga rus tilini ishchi mutaxassislik bo‘yicha o‘qitish, o‘quv markazlaridagi rus tili sinflari uchun o‘qituvchilarni tayyorlash va malakasini oshirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti (RUDN)ning mamlakatdagi vakolatxonasi hamkorligida Rossiyada ishlash istagidagi fuqarolarni rus tiliga o‘qitish va zaruriy kasblarga tayyorlash, Rossiya tarixi, qonunchiligi va rus tili bo‘yicha imtihon topshirib, sertifikatga ega bo‘lish imtiyozlarini yaratish, Vazirlik tasarrufidagi o‘quv markazlarida rus tili sinflari tashkil etilib, unga rus tili o‘qituvchilarini jalb qilish, tayyorlash, malakasini oshirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Unga ko‘ra, joriy yilning 27-oktabridan Rossiya Xalqlar do‘stligi universiteti o‘quv dasturi asosida 500 nafar o‘qituvchini o‘qitish bo‘yicha 72 soatlik bepul seminar o‘tkazilib, sertifikatlar berilishi va ushbu o‘qituvchilar Vazirlik tasarrufidagi 25 ta o‘quv markazlarida tashkil etilgan rus tili sinflariga ishga jalb qilinishi rejalashtirilgan.
Bugungi kunda Rossiyaning Moskva, Sankt-Peterburg, Novosibirsk, Yekaterinburg, Qozon shaharlarida rus tili va kasb-hunarlarga o‘qitish bo‘yicha guruhlar tashkil etilgan bo‘lib, jami 364 nafar o‘zbekistonlik mehnat migranti o‘quv jarayonlariga jalb etilgan.
Bundan tashqari, kelgusida Rossiyaning o‘zbekistonlik mehnat migrantlari ko‘proq yashaydigan hududlarida ham rus tili va kasbga o‘qitish markazlarini ochish rejalashtirilgan.