TOShKENT, 1 dek — Sputnik. Yengil vaznda UFC chempioni Habib Nurmagomedov yaqinda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax bilan uchrashib, MMAni 2028-yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish masalasini muhokama qilishini ma’lum qildi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Rossiyalik jangchi Milliy olimpiya qo‘mitasida tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etdi.
“MMAni Olimpiadaga kiritish mening keyingi ikki yillik asosiy vazifalarimdan biri, biz allaqachon shu yo‘nalishda ish olib bormoqdamiz. Yaqin kelajakda men ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazaman, shu qatorda Olimpiya qo‘mitasi prezidenti bilan ham. O‘ylaymanki, agar Parijda bo‘lmasa, unda Los Anjelesda MMAni ommalashtirish uchun katta imkoniyatlar mavjud", - dedi Nurmagomedov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, MMAni Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish borasida ba’zi to‘siqlar mavjud.
“Faqat bitta savol - bu sportning shafqatsizligi. Olimpiadada bu rag‘batlantirilmaydi, ular ko‘p qon bo‘lishini xohlamaydilar. Ammo mashhurlik, homiylik, televideniyeda MMAga qiziqish nuqtayi nazaridan, agar u Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilsa, qiziqish jihatidan futbol va yengil atletika bilan bir qatorda bo‘ladi, deb o‘ylayman”, - deb qo‘shimcha qildi chempion.
Eslatib o‘tamiz, Habib Nurmagomedov o‘tgan yil 23-noyabr kuni O‘zbekistonga tashrif buyurgan va Humo Arena sport majmuasida ilk bor bo‘lib o‘tgan aralash jang san’ati bo‘yicha xalqaro musobaqada faxriy mehmon sifatida qatnashgan edi.
2020 yilning 25-oktabr kuni UFC 254 musobaqasida Habib Nurmagomedov amerikalik jangchi Jastin Getji ustidan g‘alaba qozonib, chempionlik unvonini muvaffaqiyatli himoya qildi. Jangdan so‘ng rossiyalik chempion MMAdagi faoliyatini yakunlashini e’lon qildi.
Sportchi 29 ta jangda o‘tkazib, barchasida g‘alaba qozongan.
Nurmagomedovning Getji ustidan g‘alabasidan so‘ng, UFC rahbariyati vazn toifasidan qat’iy nazar jangchilarning yangilangan reytingini taqdim etdi, unda Habib birinchi o‘rinni egalladi.