TOShKENT, 20 noya - Sputnik. O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Vashington shahrida AQSh Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi (DFC) bosh ijrochi direktori Adam Boler bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda TIV matbuot-xizmati.
Uchrashuvda tomonlar Bolerning 29-iyun – 1-iyul kunlari O‘zbekistonga tashrifi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayonini muhokama qilganlar.
Shuningdek, uchrashuvda sanoat, xizmat ko‘rsatish va infratuzilmani rivojlantirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va yangi texnologiyalarni jalb qilishda ikki tomonlama sheriklikni yanada chuqurlashtirish istiqbollari belgilab olingan.
O‘zbekiston tomoni DFC ishtirokida O‘zbekistonda neft-gaz, energetika, kimyo, transport, qurilish, bank, farmatsevtika va boshqa iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanligini qayd etgan. Shu nuqtayi nazardan, Amerika korporatsiyasi rahbari yirik infratuzilma loyihalarini ilgari surishga yo‘naltiriladigan Markaziy Osiyo investitsiya jamg‘armasini tashkil etishga qiziqishini tasdiqlagan.
Afg‘oniston infratuzilmasini yaxshilash va mamalakatni ijtimoiy-iqtisodiy tiklash O‘zbekiston bilan DFC o‘rtasidagi hamkorlikning muhim istiqbolli yo‘nalishi hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, tomonlar joriy yilning may oyida boshlangan "O‘zbekiston-Afg‘oniston-AQSh" uch tomonlama hamkorlik shakli doirasida muloqotni kuchaytirish zarurligini ta’kidladilar.
Muzokaralarda tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham muhokama qilingan.