TOShKENT, 20 noya — Sputnik. Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vazirligi chet elliklar uchun yashash guvohnomasi (VNJ)ni olish tartibini soddalashtirishga oid qonun loyihasini tayyorladi, deb xabar qildi "Izvestiya" nashri.
Rossiya biznesiga investitsiya kiritadigan, RFda ko‘chmas mulk va kompaniyalarga ega bo‘lgan chet el fuqarolariga yashash guvohnomasini berish taklif qilingan.
Hujjatda yashash guvohnomasini olishni istaganlar YaTT ochish uchun kamida 10 million rubl sarmoya kiritishi va kamida 10 kishini ish bilan ta’minlashi yoki Rossiya tashkiloti kapitaliga 15 million rubldan ortiq miqdorda to‘lov kiritishi kerakligi ko‘rsatilgan.
Uch yil davomida ko‘chmas mulk yoki 30 million rubl qiymatidagi Rossiya obligatsiyalariga egalik qilgan kishilar ham VNJ olishi mumkin.
"Yashash guvohnomasini berish iqtisodiyotimizga sarmoya kiritishni istagan chet el fuqarolari uchun rag‘batlantiruvchi omil bo‘lishi kerak, ammo migratsiya maqomini olish uchun yolg‘on shart-sharoitlar yaratmasligi kerak", - deydi Iqtisodiy rivojlanish vazirligi rahbari o‘rinbosari Mixail Babich.
Bu chora-tadbirlar Rossiya iqtisodiyotining rivojlanishi va texnologik yangilanishini rag‘batlantirishi va munosib ish haqi beriladigan yuqori foydali ish joylarini yaratishi kerak.
Yashash guvohnomasini olgan shaxs majburiy tibbiy sug‘urta polisini oladi, rossiyaliklar uchun mavjud bo‘lgan barcha ijtimoiy xizmatlardan foydalanadi va tegishli ruxsatnoma olmasdan mamlakatda ishlashi mumkin.
Taxminlarga ko‘ra, VNJ siyosiy beqaror davlatlar va jangovar harakatlar olib borilayotgan davlatlarda istiqomat qiluvchi aholida talabga ega bo‘ladi.