Qorabog‘da arman qo‘shinlari aniq xatolarga yo‘l qo‘yilganini ko‘rsatdi: 45 kun ichida (27 sentabrdan) Armaniston tomoni deyarli xavfsizlik zonasi deb nomlangan hududni (sobiq Ozarbayjon SSRning Qorabog‘ avtonomiyasidan tashqaridagi 7ta hudud- tahr.) va 1991-yil chegaralaridagi Tog‘li Qorabog‘ning bir qismi ustidan nazoratni yo‘qotdi. Shu bilan birga, Ozarbayjon qo‘shinlari bundan ham ko‘proq yutuqlarga erishishlari mumkin edi. Shushi qal’a-shahri egallab olinishi - Lochin koridorining to‘silishi - Qorabog‘dagi arman qo‘shinlarining qamal qilinishi va yo‘q qilinishini anglatgan edi. Xalqaro nufuz va Rossiyaning tinchlikparvar operatsiyasi urushni to‘xtatdi.
Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan bugun shunday dedi: "Agar biz 7 ta tuman, shuningdek, Shushini Ozarbayjonga berishga rozi bo‘lganimizda, urushdan qochishimiz mumkin edi. Ammo biz bunga rozi bo‘lishni xohlamadik. Armaniston hukumati, Armaniston qurolli kuchlari, Arsax mudofaa armiyasi bu chaqiriqni qabul qildi va oxirigacha kurashdi”. Ushbu bayonot, avvalambor, o‘z kuchiga ortiqcha baho berish va raqibning imkoniyatlarini past baho berishdan dalolat beradi – bu davlat rahbari uchun kechirilmas holat.
Rossiya prezidenti Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, mojaro zonasida "qurbonlar soni, shu jumladan tinch aholi orasida, janglar natijasida 4 ming kishidan oshdi, 8 mingdan ortiq odam yaralandi, turli ma’lumotlarga ko‘ra, qochqinlar soni 10 ming kishi hisoblanmoqda". Armaniston harbiy-siyosiy rahbariyatining strategik xatosi juda ham katta emasmi?
Nikol Pashinyan o‘zini Tog‘li Qorabog‘dagi jangovar harakatlar natijasiga asosiy javobgar ekanligini tan oldi va shunga qaramay, bugun buni anglash muhim: bundan keyin nima qilish kerak? Yerevan inqirozni hal qilish, milliy armiyaning zarur jangovar qobiliyatini tiklash bo‘yicha hali rejalari yo‘q, degan taassurot qoldiradi.
Halokatli noaniqlik
Armaniston tomonining mag‘lubiyati - armiyaning emas, balki harbiy-siyosiy rahbariyatning "xizmatidir". Noto‘g‘ri strategiya va taktikalar hech qachon muvaffaqiyatga olib kelmaydi va jang maydonida raqib o‘qlari va snaradlaridan ham xavfli bo‘ladi.
Armaniston mudofaa vaziri David Tonoyanning fikriga ko‘ra, Armaniston armiyasi Qorabog‘da "maksimal darajada" harakat qildi. Nega raqibni oldindan tayyorlangan mudofaa pozitsiyalarida ushlab turishning uddasidan chiqilmadi (28 yil davomida)? Tizimli mag‘lubiyatning sababi - jang maydonida turkiyalik maslahatchilar va dronlar hamda "bir necha ming" suriyalik yollanma askarlar borligi degan tushuntirish, tushunarsiz va hattoki kuchsiz ko‘rinadi.
"Umumiy safarbarlik"ni hisobga olmasdan, Armaniston armiyasi 45 ming harbiy xizmatchidan iborat – bu juda katta kuch, 2 ming arab yollanma askarlar Qorabog‘da ko‘p narsa qila olmaydi.
Tog‘li Qorabog‘ armiyasida oldindan e’lon qilingan 30 mingta "nayza", 300 ta tank, bir necha yuzlab BMP va BTRlar topilmadi.
40 kunlik umumiy safarbarlikdan so‘ng, o‘t otishni to‘xtatish haqida kelishuv imzolangan paytgacha Qorabog‘da 20 ming arman qo‘shini bor edi (Pashinyanning bayonoti). Armaniston tomonida mudofaa rejasi yo‘q edi, ular vaziyatga qarab harakat qildi, degan taassurot paydo bo‘ldi. Dastlabki kunlarda razvedka raqibning rejalari to‘g‘risida aniq ma’lumotga ega emas edi, tutash chizig‘ida arman qo‘shinlari sustlik bilan o‘z-o‘zini himoya qildi. Ozarbayjon qo‘shinlari son jihatidan sezilarli ustunlikka ega emas edi, operatsiyada 30 mingga yaqin kishi qatnashdi, ammo ular barcha yo‘nalishlarda faol bo‘lishdi.
Janubda raqibning kuchli zarba guruhi kuzatilmadi, operativ-manevr guruhlari va reyd otradlari qo‘llanilmadi, shunga qaramay Ozarbayjon qo‘shinlari bu yerda katta yutuqqa erishdilar. Raqib Fizuli va Gadrut shaharlarini egallab oldi, Qorabog‘ga qurol-yarog‘, o‘q-dorilar va zaxiralarni yetkazib berish uchun transport yo‘llarini to‘sib qo‘ydi (har qanday urush 90 % - logistika).
Tog‘li hududlarda, qo‘shinlarning oldinga siljishi uchun pistirmalar, razvedka guruhlari, mina-portlovchi to‘siqlar yordamida raqib uchun yengib bo‘lmaydigan darajada yetarlicha tabiiy to‘siqlar mavjud. Qorabog‘ yo‘llari Ozarbayjon bo‘linmalari uchun ochiq qoldi, bu Shushi qal’a-shahrining egallab olinishiga sabab bo‘ldi va keyingi voqealarga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi.
"Bayraktar" haqida afsona
Ozarbayjonning dronlar urushdagi yutuqlari va Armaniston armiyasining texnologik zaifligi haqida ko‘p yozishmoqda. Ta’kidlash muhim: Tog‘li Qorabog‘dagi jangovar harakatlarda Turkiyada ishlab chiqarilgan Bayraktar o‘rta balandlikdagi operativ-taktik dronlarining jangovar kuchini bo‘rttirib ko‘rsatmaslik kerak. Bu qurilma ideal model emas, u zamonaviy zenit-raketa tizimlari (ZRK) uchun yaxshi ko‘rinadi. Ozarbayjon tomoni drondan juda faol va muvaffaqiyatli foydalandi, chunki Armaniston qo‘shinlarida havo hujumidan mudofaa (PVO) tizimi va radioelektron kurash tizimi (REB) yo‘q edi. Garchi Armaniston milliard dollarlik budjetni talab qilmaydigan "pilotsiz uchar qurilmagan urushi" ga tayyorlanayotgan edi.
“Bayraktar” 150 kg o‘q-dorilarni, ya’ni 2ta MAM-L bomba (har biri 25 kg) va 70 mm boshqarilmaydigan raketa (har biri 50 kg) asosida ikkita MAM-C raketasini olib yurishi mumkin. Qurilma terrorchilikka qarshi kurash "Furot qalqoni" (2017, "Islom davlat"ga qarshi*) va "Zaytun novdasi" (2018, kurd tuzilmalariga qarshi) operatsiyalarida o‘zini yaxshi ko‘rsatdi. Ammo shunga qaramay, Suriya va Liviyada SSSR va Rossiyada ishlab chiqarilgan "Buk", "Kvadrat" va "Pansir" zenit-raketa tizimlari “Bayraktar”larni osonlikcha nishonga oldi. Zamonaviy havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan Suriya hukumat armiyasi va Liviya feldmarshali Xaftar milliy armiyasi o‘nlab turk Bayraktar dronlarini yakson qilgandi. Shunda “Buk-M2E” havo hujumidan mudofaa raketasi tizimi eng yaxshi natijani ko‘rsatdi - uchirilgan 25 ta raketadan 20 tasi havo nishoniga tegdi.
Qanday bo‘lmasin, harbiy amaliyotda faqat razvedka va zarbali dronlardan faol foydalanish Ozarbayjon uchun yerda muvaffaqiyatni kafolatlamaydi.
To‘g‘ri tashkil etilgan, chuqur eshelon mudofaa raqibning juda ko‘p sonli qo‘shinlari va jangovar texnikasini "yanchib tashlash" imkoniyatiga ega. Buni Tog‘li Qorabog‘da ko‘rmadik, individual harbiy jasorat esa butun mudofaa chuqurligida qo‘shinning yuqori mudofaa tizimi o‘rnini bosa olmaydi.
Shuning uchun bosh vazir Pashinyanning "yangi turdagi" Armaniston armiyasiga ko‘proq ayollarni jalb qilish haqidagi g‘oyasi g‘alati tuyuladi. To‘g‘ri xulosalar chiqarilmadi.
Yaxshi tayyorgarlik ko‘rgan va zamonaviy qurol-yarog bilan ta’minlangan qo‘shinlarning jangovar samaradorligi mamlakat harbiy-siyosiy rahbariyatining aqlidan boshlanadi. Armaniston jamiyatida “Armaniston Qorabog‘ga yetarlicha harbiy yordam ko‘rsatmadi” deyishganda, odamlar haq bo‘ladi.
* Rossiya va qator davlatlarda taqiqlangan tashkilot