TOShKENT, 13 noya - Sputnik. Rossiyaning Irkutsk va Amur o‘lkalariga ishlash maqsadida tashkillashtirilgan tartibda 249 nafar fuqarolar jo‘nab ketdi, deb xabar qilmoqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi.
Rossiyalik ish beruvchilar va mas’ul tashkilotlar bilan kelishuv asosida Irkutsk viloyatidagi uy qurilishi uchun 50 nafar, Amur viloyatida Kosmodrom atrofidagi qurilish obyektlarida ishlash uchun 199 nafar O‘zbekiston fuqarolari charter reys orqali jo‘nab ketdi, - deyilgan xabarda.
Kelishuvlarga muvofiq, fuqarolarning oylik ish haqi o‘rtacha 40-60 ming rublni tashkil etishi, shuningdek ularning transport, ovqatlanish, ishlash uchun ruxsat beruvchi patent va yashash xarajatlari, kasallik aniqlansa - davolash xarajatlari - kompaniyalar tomonidan ta’minlanishi belgilangan.
Mehnat migrantlari 14 kunlik karantindan so‘ng belgilangan epidemiologik talablar va karantin cheklovlariga rioya qilgan holda qurilish obyektlarida ish boshlaydi.