TOShKENT, 12 noya — Sputnik. MDHga a’zo mamlakatlarning turizm bo‘yicha kengashi turistik sohani qayta tiklash bo‘yicha choralarni ishlab chiqmoqda, deb xabar qildi Ijroiya qo‘mitasi tashkiloti matbuot-xizmati.
Onlayn konferensiya davomida mamlakatlar vakillari bir qator muhim masalalarni muhokama qildilar. Shular orasida eng asosiysi COVID-19 pandemiyasidan aziyat chekkan sayyohlik sohasini tiklashga yo‘naltiriladigan chora-tadbirlarni ishlab chiqish bo‘ldi.
Shunday qilib, konferensiya ishtirokchilari sayyohlik sohasidagi tahdidlarga javob berish uchun ishchi guruh tuzadilar. Bundan tashqari, tashkilot 2021-yilda - MDH hududida turizm sohasini qayta tiklashni ustuvor vazifa sifatida belgilab oldi.
Masofaviy uchrashuvda davlatlar vakillari Ulug‘ Vatan urushi voqealari bilan bog‘liq transchegaraviy sayyohlik marshrutlarini ishlab chiqish qarorini qabul qilishdi.
"Ushbu yo‘nalish xalqaro turizm sohasidagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilandi", deb ta’kidladi MDH Ijroiya qo‘mitasi matbuot xizmati.
Mamlakat takliflari asosida tuzilgan bunday marshrut yo‘nalishlar variantlari qo‘mitaning Internet-resurslarida ommaga havola etiladi.
Yig‘ilish davomida kengash ishtirokchilari Hamdo‘stlik mamlakatlarida elektron vizalardan foydalanish va chet el fuqarolari uchun vizasiz kirish va chiqishni tashkil etish bilan bog‘liq masalalarni ham ko‘rib chiqdilar.