TOShKENT, 13 noya - Sputnik. Xalqaro olimlar guruhi SARS-CoV-2 virusi tarkibida yashirin gen borligini aniqlashdi, deb xabar qilmoqda Xaytek+. Yangi gen tafsilotlari Tayvan Milliy akademiyasi olimi Cheyz Nelson e’lon qilgan ilmiy maqolada keltirilgan.
Yangi genga olimlar ORF3d deb nom berishdi va ularning xulosasiga ko‘ra aynan ushbu gen COVID-19 pandemiyasiga sabab bo‘lgan.
ORF3d genining asosiy xavfi shundaki, u zararlangan kishilarda kuchli immunitet javobi uyg‘otadi va ushbu jarayonda oqsillarni kodlashi mumkin (ya’ni o‘zi ham ko‘payishi mumkin), lekin inson tanasidagi viruslarga qarshi kurashuvchi T-hujayralar ORF3d genini taniy olmaydi. Aynan shu sababli ushbu patogen keng tarqalib ketgan, degan xulosaga keldi olimlar.
SARS-CoV-2 virusning RNKsida jami 15ta gen bor. Ular orasida yashirin gen borligini aniqlash har doim ham oson kechmaydi, chunki ayrim genlar bir vaqtning o‘zida boshqa gen bo‘lagi bo‘lishi va o‘zining alohida vazifasini bajarishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, biroz oldin Rossiya Fanlar Akademiyasining Translyatsion tibbiyot izlanishlar federal markazi (FIS FTM) olimlari koronavirus evolyutsiyasi bosqichlarini to‘liq o‘rganib chiqishlarini xabar qilishgan edi. Ushbu bilimlar kelajakda biologik modellar yaratib yangi preparatlarni sinovdan o‘tkazish imkonini beradi. Buning uchun olimlar koronavirus genomini to‘liq o‘rganib chiqishlari kerak bo‘ladi.