TOShKENT, 10 noya — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining videoanjuman shaklidagi majlisida ishtirok etdi. Davlat rahbari sammitidagi nutqida qator takliflarni ilgari surdi.
Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan takliflar:
- Pandemiya sharoitida savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni rivojlantirishga yangi, shu jumladan “nostandart” yondashuvlarni birgalikda ishlab chiqish;
- O‘zaro kelishilgan o‘quv dasturlari asosida aholini o‘qitish, soha mutaxassislarini tayyorlashga qaratilgan ShHTning raqamli savodxonlikni rivojlantirish dasturini ishlab chiqish;
- ShHTga a’zo davlatlarning qashshoqlikka qarshi kurashish hamkorligi dasturini ishlab chiqish, shuningdek, uni amalga oshirish bo‘yicha kelishilgan choralarni ishlab chiqish uchun O‘zbekistonda xalqaro forum o‘tkazish;
- Epidemiyaga olib keluvchi kasalliklarga qarshi kurashish bo‘yicha tibbiyot muassasalari tarmog‘ini yaratish;
- Toshkentda o‘tkaziladigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik. Xatar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasida Afg‘onistonga uning Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘lab turuvchi ko‘prik sifatidagi tarixiy rolini qaytarishga xizmat qiladigan transport yo‘laklarini barpo etish tashabbuslarni muhokama qilish;
- 2021 yilda “ShHTning zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimidiga roli” xalqaro konferensiyasini o‘tkazish;
Mirziyoyev o‘z chiqishida O‘zbekiston eng yaqin qo‘shni va strategik sherik sifatida qardosh Qirg‘iziston xalqini tinch taraqqiyot va farovonlik sari intilishini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Shuningdek, u Tog‘li Qorabog‘ mojarosi hududidagi o‘t ochish va barcha harbiy harakatlarni butunlay to‘xtatish to‘g‘risida Rossiyaning faol ko‘magida erishilgan kelishuvlarni olqishlashini aytdi.
O‘zbekiston yetakchisi tinchlikka erishish, Afg‘oniston xalqiga iqtisodiy yordam ko‘rsatish yo‘lidagi ijobiy intilishlarni qo‘llab-quvvatlash uchun sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligini ta’kidladi.