TOShKENT, 7 noya — Sputnik. Qashqadaryo viloyatining Chiroqchi tumani, Langar qishlog‘idan bo‘lgan Feruz Mirodilov o‘z otasi To‘raqul Do‘stov hamda sherigi Nabi Do‘stmatov bilan hammualliflikda ajoyib ixtiroga qo‘l urdi, deb xabar qilmoqda Sputnik muxbiri.
Ixtirochilar aytishiga ko‘ra, "Akkumulyatorli yoqilg‘i tizimi" FAP 01201 deya nomlanayotgan ushbu ixtirodan kelajakda yengil yoki og‘ir yuk tashuvchi mashinalar va zaharli gaz chiqaruvchi korxonalar, shuningdek, mahsulot yoki xom ashyo ishlab chiqaruvchi boshqa zavodlarga o‘rnatib foydalanish mumkin.
"Akkumulyatorli yoqilg‘i tizimi" FAP 01201" - maxsus filtr yordamida chiqindi gazlar va zaxarli moddalarni o‘zida ushlab qoladi va uni qayta ishlab, tabiatga toza kislorod (O2)ishlab chiqaradi", - deydi innovatsiya mualliflari.
E’tibor berilsa, avtomobildan ishlab chiqayotgan chiqindi gazlar, jumladan, korxonalardan chiqayotgan gazlarning asosini uglerod oksidi, ya’ni karbonat angidrid moddasini tashkil qiladi. Agar biz yaratgan ixtiro yordamida ushbu karbonat angidridni tozalash imkoniyati bo‘lsa, uni bemalol korxonalarga o‘rnatib, foydalanish imkoniyati tug‘iladi, deydi ixtirochi Feruz Mirodilov.
Ushbu "aqlli" mexanizmni real hayotga tadbiq etishga hozircha bir necha to‘siqlar bor.
Birinchi navbatda, qurilmani chizma ko‘rishida ilk real nusxasini yaratib sinovdan o‘tkazish uchun maxsus laboratoriya kerak. Biroq, bunday laboratoriya hozircha O‘zbekistonda yo‘q. Shu bois qurilmaning nusxasini yaratishga qiziqishi bo‘lgan chet ellik investorlar topilsa, undan kelajakda ko‘zlangan maqsadlarda foydalanish mumkin bo‘ladi.
"Loyiha yuzasidan O‘zbekistondagi Muborakdagi gazni qayta ishlash zavodiga ham murojaat qilib ko‘rdim, ular taklif qilinayotgan ixtiroga qiziqib, bizni moddiy tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor bo‘lishdi. Biroq, loyihaning ilk nusxasini chet el standartlariga javob bera oladigan maxsus texnik uskunalarga ega laboratoriyalarda yaratib sinab ko‘rish mumkin. Hozircha, ana shu tomonlama oqsab turibmiz", — deydi yosh ixtirochi Feruz Mirodilov.
Muallifga ko‘ra, hozirgi kunda ixtironing dastlabki nusxasini yaratish uchun texnik imkoniyatlari bor bo‘lgan laboratoriyalar va tajribali mutaxassislar Rossiya, Turkiya, Italiya, Xitoy, AKSh, Janubiy Koreya, Germaniya kabi xorijiy davlatlarda faoliyat yuritib keladi.