TOShKENT, 5 noya — Sputnik. O‘zbekiston xalq ta’limi vaziri Facebook᾽dagi sahifasida mamlakatning turli hududlaridan o‘qituvchilarni so‘rovnoma to‘ldirish va aholi xatloviga jalb qilinishi haqidagi xabarlar skrinshotini joylashtirdi.
Shermatov ba’zi joylardagi mutasaddilar o‘zining bugungi muammosini hal qilaman deb “prezident siyosatiga xiyonat qilayotganini” tushunmayotganidan hayron bo‘lgan.
“Prezidentimiz bu yil birinchi bor “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” bayramida o‘zlari chiqib tabrik so‘zi bilan murojaat qildilar. Ta’lim-tarbiya tizimini yaxshilash bo‘yicha Farmon loyihasini tayyorlash bo‘yicha topshiriq berdilar, keyin yana qo‘shimcha selektor o‘tkazib, har bir hokim endi kamida 30-40 foiz vaqtini maktabga yordam berishga qaratsin deb aytdilar va hurmatli hokimlarimizdan bu masalaga chin dildan yondashishni, kundalik topshiriq sifatida qabul qilmaslikni so‘radilar. Kuni kecha Farmonga imzo qo‘yishdan oldin yana bir bor ta’limni ko‘tarish muhimligini qat’iy ta’kidladilar”, - deya qayd etdi vazir.
Xalq ta’limi vazirining so‘zlariga ko‘ra, o‘qituvchilarni bunday majburiy jalb qilinishi nafaqat prezident siyosatiga xiyonat, balki ataylab davlat rahbarini imidjini diskreditatsiya qilishga harakat deb baholash kerak. Shermatov har bir bunday holat bo‘yicha joylardagi mutasaddilarni kerak bo‘lsa jinoiy javobgarlikka tortishgacha olib borish zarur deb hisoblaydi.
“Hurmatli hokimlar va sektor rahbarlaridan xalq ta’limi tizimi xodimlarini faqat ta’lim sifati bo‘yicha ishlashlariga sharoit yaratishda yordam berishingizni so‘raymiz! Yordam berishga imkoniyatingiz bo‘lmasa, iltimos, juda bo‘lmasa xalaqit qilmang!”, - deya murojaat qilgan u.
Vazir quyidagi so‘zlarni qo‘shimcha qilgan: “Bunday qo‘shimcha ishlarga, adashmasam, Mehnat vazirligidagi alohida fonddan mablag‘ olib joylardagi ishsizlarni jalb qilsa bo‘ladi”.