TOShKENT, 5 noya — Sputnik. Rossiyaning “Perviy kanal” telekanalida efirga uzatiladigan “Vecherniy Urgant” shou dasturida O‘zbekiston hukumatining eng ko‘p piyoda yurgan fuqarolarni rag‘batlantirish to‘g‘risidagi qarori haqidagi xabar ko‘rsatildi.
“Voyaga yetgan fuqarolar o‘n ming va undan ortiq qadam yurganda 3 ming so‘mgacha olishlari mumkin, bu 30 Amerika senti atrofida, ya’ni har kun uchun 27-28 ming rubl (3000 so‘m 22,5 rubl bo‘ladi. Shu tariqa boshlovchi rublning dollarga nisbatan tushib borayotganiga ishora qilib hazillashgan - tahr.). Eng faol piyodalarga qo‘shimcha 30 dollar to‘lashadi, viloyatlarda esa hatto 50 dollar. Eng ko‘p yurgan o‘zbekistonliklar taxminan... taxminan, bu juda muhim... 100 dollardan olishadi”, - dedi teleboshlovchi Ivan Urgant.
Shuningdek, Urgant qadamlar haqida hazillashib, MC Doni endilikda sevgan mashg‘ulotidan pul ishlab topshishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 30-oktabr kuni Shavkat Mirziyoyev “Sog‘lom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Qaror bilan:
- bir sutka davomida 10 ming va undan ortiq qadam urgan 18 va undan yuqori yoshdagi fuqaroning elektron hamoniga 3 ming so‘m;
- bir oyda bir marta tuman (shahar) bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 300 ming so‘m, hududlar bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 500 ming so‘m, respublika bo‘yicha eng ko‘p yurgan shaxsga 1 mln so‘m qo‘shimcha ravishda platformadagi elektron hamoniga o‘tkaziladi.