TOSHKENT, 4 noya — Sputnik. Oʻzbekiston va Ukraina yaqin kelajakda oʻzaro savdo aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Oʻzbekiston bosh vazirining oʻrinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakovning Ukrainaning Oʻzbekistondagi elchisi Nikolay Doroshenko bilan uchrashuvida maʼlum qilindi.
Suhbat davomida investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, savdo, transport va madaniyat sohalaridagi ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.
“Tomonlar oʻzaro savdoni yanada kengaytirish va diversifikatsiya qilish hamda yaqin kelajakda uning hajmini yiliga 1 mlrd dollargacha oʻsishini taʼminlash uchun birgalikdagi saʼy-harakatlarni faollashtirish zarurligini taʼkidladilar”, - deyilgan xabarda.
Mamlakatlar oʻrtasida kimyo, neft-kimyo, metallurgiya, oziq-ovqat, farmatsevtika, sanoat kooperatsiyasi sohasida va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sektorida hamkorlikning muhim istiqbollari belgilab olindi. Mashinasozlik hamda neft va gaz uskunalarini ishlab chiqarish sohasida sanoat kooperatsiyasini yoʻlga qoʻyish tashabbusi ham koʻrib chiqildi.
Shuningdek, mintaqalararo hamkorlikni faollashtirish boʻyicha qoʻshma choralarni koʻrish va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari delegatsiyalarining oʻzaro tashriflarini tashkil etish dolzarbligi qayd etildi.
Uchrashuv yakunida investitsiyaviy, sanoat va savdo-iqtisodiy hamkorlikning mavjud salohiyatini oʻrganish va uni kengaytirish boʻyicha aniq takliflarni tayyorlash maqsadida ikki mamlakat tegishli vazirlik va idoralari rahbarlaridan iborat qoʻshma ishchi guruhini tuzish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi.