TOSHKENT, 4 noya — Sputnik. Abduhakim Xadjibayev sogʻliqni saqlash vaziri etib tayinlandi.
“Prezidentimizning tegishli farmoni bilan Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlab kelgan Xadjibayev Abduhakim Moʻminovich Sogʻliqni saqlash vaziri etib tayinlandi”, - deyilgan SSV xabarida.
Tibbiyot fanlari doktori, professor Abduhakim Xadjibayev oʻz faoliyatini oddiy xirurglikdan boshlab, soʻnggi yigirma yil davomida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori, Shoshilinch tibbiy yordam vrachlar assotsiatsiyasi raisi, Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari va uch bor Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan.
2003 yil “Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan sogʻliqni saqlash xodimi” unvoni hamda 2020 yil "El-yurt hurmati" ordeni bilan mukofotlangan.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq deputatlar Abduhakim Xadjibayev nomzodini sogʻliqni saqlash vaziri lavozimiga maʼqullagani xabar qilingan edi.