TOShKENT, 3 noya — Sputnik. O‘zbekiston Markaziy banki o‘lchovli oltin quymalarni tijorat banklari orqali sotuvga chiqarmoqda. Bu haqda bank matbuot xizmati xabar qildi.
Og‘irligi 5, 10, 20 va 50 gramm bo‘lgan, 999,9 soflikdagi oltindan tayyorlangan quymalar maxsus himoya qadoqlarida sotuv uchun taqdim etiladi. Oltin quymalarning qadog‘i sertifikat vazifasini bajaradi va o‘z seriya raqamiga ega bo‘ladi.
Oltin quymalarning sotish va qaytarib sotib olish narxlari oltinning jahon bozoridagi narxi va Markaziy bank tomonidan belgilangan marja yoki chegirma asosida shakllanadi va har kuni Markaziy bankning veb-saytida milliy valyutada e’lon qilib boriladi.
Qadoqlari but oltin quymalar sotuv shoxobchalarida tijorat banki tomonidan yombi egasiga to‘lovni darhol amalga oshirish orqali qaytarib sotib olinadi.
Jismoniy shaxslarga o‘lchovli yombilar va qimmatbaho tangalarni olib chiqishga ruxsat berildi
Qadog‘i buzilgan yoki texnik talablarga mos kelmaydigan oltin quymalarni qaytarib sotib olish ularni texnik ekspertizadan o‘tkazish orqali amalga oshiriladi va ekspertiza o‘tkazilgandan so‘ng to‘lov to‘lab beriladi.
Oltin quymalarining narxlari:
- 5 gramm — 3 436 000 so‘m;
- 10 gramm — 6 623 000 so‘m;
- 20 gramm — 13 121 000 so‘m;
- 50 gramm — 32 177 000 so‘m;
- Oltin esdalik tangasi (31,1 gramm) — 20 014 000 so‘m.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda oltinning erkin muomalasi yo‘lga qo‘yilishi xabar qilingan edi.