TOShKENT, 31 okt - Sputnik. Navoiy viloyati Navbahor tumanida ikki nafar voyaga yetmagan aka-uka is gazidan zaharlanib vafot etdi, deb xabar qiladi Bosh prokuratura matbuot-xizmati.
Aka-ukalar kollej talabasi bo‘lishgan. Baxtsiz hodisaga uyning yotoqxonasiga o‘rnatilgan gaz pechidan sizib chiqqan is gazi sabab bo‘lgan. Mazkur holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilmoqda.
O‘zbekistonda havo harorati pasayishi bilan aholi orasida is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq baxtsiz hodisalar qayd etiladi. Bu kabi hodisalarning kelib chiqishiga asosan isitish pechlari va bug‘ qozonlari dudbo‘ronlarining nosozligi sabab bo‘lmoqda.
Xususan, joriy yilning 22-oktabr kuni Xorazm viloyatining Yangiariq tumani Ostona qishlog‘ida isitish qozoni dudbo‘roni ichiga yoz paytida qushlar in qurishi uning nosozligiga olib kelgan. Natijada tabiiy gazni chala yonishi kuzatilib, 4 nafar fuqarolar (xonadon sohibi, uning turmush o‘rtog‘i va 2 nafar farzandi) ning hayotdan bevaqt ko‘z yumishiga sabab bo‘lgan.
28 oktabr kuni ham Farg‘ona viloyati Qo‘qon shahrida joylashgan ko‘p qavatli uydagi xonadonlaridan biriga o‘rnatilgan bug‘ qozonining dudbo‘roni qozondan ajralib qolganligi sababli, xonadon ichida is gazi to‘planishiga olib kelgan. Natijada xonadon sohibi va 2 nafar oila a’zolari is gazidan zaharlanib vafot etishgan.
O‘zbekiston FVV fuqarolardan kuz-qish mavsumida isitish pechlari va qozonlaridan foydalanishdan avval dudbo‘ronlarning sozligiga alohida e’tibor berishni so‘raydi.