TOShKENT, 27 okt — Sputnik. Madaniyat vazirligi O‘zbekiston xalq artisti Shafoat Rahmatullayevaning salomatligidan xavotirlanishga asos yo‘qligini ma’lum qildi.
Vazirlik matbuot xizmati xabariga ko‘ra, aktrichaning ahvoli yaxshilangan, hozir u Farg‘ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasining oddiy palatasida muolaja olmoqda.
“Onaxon aktrisamiz Shafoatxon Rahmatullayeva tezroq tuzalib ketishlariga tilakdoshmiz”, - deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, Shafoat Rahmatullayeva o‘z ijodiy faoliyati davomida 150 dan ziyod turli xarakterdagi rang-barang, katta-kichik va betakror rollarni ijro etgan.
U mehnat faoliyatini Sirdaryo viloyat musiqali drama teatrida aktor sifatida boshlagan. 1971-yildan Hamza nomidagi Qo‘qon shahar o‘zbek davlat musiqali drama teatrida faoliyatini davom ettirgan.
1975 yildan yana Olim Xo‘jayev nomidagi Sirdaryo viloyat musiqali drama teatrida ijodiy faoliyatini davom ettirib, 30 dan ziyod bosh va yetakchi rollarni mahorat bilan ijro etgan.
2002 yildan hozirgacha Hamza nomidagi Qo‘qon shahar musiqali drama teatrida faoliyat ko‘rsatib, teatr repertuaridagi qator spektakllarda bosh va kichik rol obrazlarini maromiga yetkazib ijro etgan.
Rahmatullayeva teatrdagi faoliyati bilan bir qatorda kino va videofilmlarda ham qator rollar ijro etdi. “Masxaraboz”, “Oq bino oqshomlari”, “Orzu ortida”, “O‘zimdan-o‘zimgacha”, “Sevginator”, “Yig‘lamagin” kabi filmlarda rollarni maromiga yetkazib ijro etib, kino ixlosmandlari orasida ham shuhrat qozongan.
Bugungi kunda u 100 ga yaqin yosh ijodkorlarni yetishtirib, ularga o‘z maslahatlari bilan ustozlik qilib kelmoqda.