TOShKENT, 27 okt - Sputnik. Ertaga respublika shimoliga Rossiyaning Yevropa qismi (Moskva oblasti)dan Volgabo‘yi orqali sovuq antisiklon kira boshlaydi, deb xabar bermoqda O‘zgidromet.
Ertaga, 28 oktabrda sovuq havo butun respublika hududiga tarqaladi, harorat foni 8-10 daraja pasayadi.
Aksariyat viloyatlarda kunduzgi havo harorati 10-13 daraja atrofida bo‘ladi. Kuchsiz, asosan qor ko‘rinishidagi yog‘inlar mamlakatning tog‘li va baland tog‘li hududlarida kuzatilishi mumkin.
Iliq va sovuq havo oqimlarining bosimlari tafovuti respublika hududi bo‘yicha shamolning tezligi sekundiga 17-22 metrgacha kuchayishiga olib keladi.
Sovuq havo oqimining ta’siri 29 oktabrda va 30 oktabrda kechasi saqlanib turadi, 30 oktabrda kunduzi antisiklon shimoli-sharqqa chekina boshlaydi va havo asta-sekin isiydi.
29 va 30 oktabr kunlari tungi havo harorati 0-3 daraja iliqqacha tushadi, ayrim joylarda havoda birinchi ayoz kuzatiladi — harorat 1-2 daraja sovuq bo‘ladi. 29 oktabrda kunduzi 10-13 daraja iliq atrofida bo‘ladi, 30 oktabrda esa biroz — 13-16 darajagacha isiydi. Bu kunlarning harorati oktabr oyi uchun xos bo‘lgan meyoriy qiymatlardan 7-9 darajaga past bo‘ladi.
31 oktabrda O‘zbekiston hududiga Eron tomondan issiq havo kira boshlaydi. Tungi ayoz to‘xtaydi, kunduzi esa harorat 18 daraja, ayrim joylarda undan ham yuqori bo‘ladi.