Mirziyoyev ichki ishlar xodimlarini tabrikladi

© Press-slujbaShavkat Mirziyoyev pozdravil veteranov s prazdnikom
Shavkat Mirziyoyev pozdravil veteranov s prazdnikom - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Shuningdek, prezident 43 nafar ichki ishlar organlari xodimlarini orden va medal bilan mukofotlagan. Ular orasida marhum xodimlar ham bor.

TOShKENT, 25 okt — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev ichki ishlar tizimi xodimlarini 25-oktabr – O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari xodimlari kuni bilan muborakbod etdi.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, mustaqillik yillarida butun mamlakat qatori ichki ishlar organlari ham g‘oyat sharafli va mas’uliyatli yo‘lni bosib o‘tdi.

Soha xodimlarining jamoat tartibi va tinchlik-osoyishtalikni saqlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi fidokorona xizmatini, ayniqsa ularning bugungi pandemiya sharoitida ko‘rsatayotgan jonbozliklarini xalq yaxshi anglaydi va munosib qadrlaydi/

Prezident shiddat bilan o‘zgarayotgan bugungi murakkab zamonda dunyoning turli mintaqalarida hukm surayotgan notinch vaziyatlar, qurolli to‘qnashuvlar har birimizni doimo hushor va ogoh bo‘lishga undashini qayd etgan. Bunday sharoitda uyushgan transmilliy jinoyatchilik, terrorizm va ekstremizm, narkobiznes, korrupsiya kabi tahdidlarga qarshi samarali kurashish, ularga keskin zarba berish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

“Hayotning o‘zi oldimizga qo‘yayotgan ana shunday o‘tkir, kechiktirib bo‘lmas talablardan kelib chiqqan holda, ichki ishlar organlari faoliyati samaradorligini oshirish uchun quyidagi vazifalarga alohida e’tibor qaratishimiz lozim:

birinchidan, ichki ishlar organlari uchun intellektual va professional bilim darajasi, ma’naviy-axloqiy saviyasi yuqori bo‘lgan kadrlar tayyorlash bo‘yicha sifat jihatidan yangi tizimni joriy etish;

ikkinchidan, ichki ishlar organlarini, ayniqsa, profilaktika, jinoyat qidiruv, tergov, yo‘l-patrul va patrul-post xizmati hamda ekspert-kriminalistika bo‘linmalarini zamonaviy texnika, axborot kommunikatsiya tizimlari va maxsus vositalar bilan ta’minlashni yanada kuchaytirish;

uchinchidan, rivojlangan xorijiy davlatlarning ilg‘or tajribasini chuqur o‘rgangan holda, amaliy faoliyatga yangicha ish uslublari va mexanizmlarini, xususan, raqamli texnologiyalarni keng tatbiq etish;

to‘rtinchidan, xodimlar va ularning oilalarini ijtimoiy himoya qilish tizimini, jumladan, malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish, xizmat va dam olish sharoitlarini yanada yaxshilash, uy-joy va moddiy ta’minotini bosqichma-bosqich mustahkamlab borish;

beshinchidan, mamlakatimiz ichki ishlar organlarining shonli tarixini asrab-avaylash, soha xodimlari va faxriylarining kelgusi avlodlarga namuna bo‘ladigan jasoratini, ko‘rsatgan ibrat namunalarini ommalashtirish, Vatanimiz mustaqilligi va el-yurtimiz osoyishtaligi yo‘lida aziz jonlarini fido qilgan xodimlarning xotirasini e’zozlash va abadiylashtirish.

Agar davlat tayanadigan asosiy ustun qonun bo‘lsa, uning kuchini amalda namoyon etadigan eng samarali tizim bu – ichki ishlar sohasi, desak, ayni haqiqat bo‘ladi”, - deyilgan Mirziyoyev tabrigida.

Shuningdek, prezident 43 nafar ichki ishlar organlari xodimlarini orden va medal bilan mukofotlagan. Jumladan, ular orasida marhum xodimlar ham bor.

Yangiliklar lentasi
0