TOShKENT, 22 okt — Sputnik. Markaziy bank boshqaruvi 22-oktabr kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz saqlab qolish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
“Ushbu qaror real foiz stavkalar ijobiyligini saqlab qolish, yuzaga kelgan vaqtinchalik inflyatsion xatarlar fonida, iqtisodiy faollikni yanada rag‘batlantirish uchun qulay sharoitlarning yaratilishi va o‘rta muddatli davrda inflyatsiya dinamikasining yanada sekinlashishi o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlashga qaratilgan”, - deyilgan MB xabarida.
Ta’kidlanishicha, bank inflyatsiyaning yil yakuni bo‘yicha prognozini yillik 11−12,5 foiz darajasida saqlab qoldi va Hukumat bilan birgalikda unga erishish uchun barcha zaruriy choralarni ko‘radi.
Asosiy stavka bo‘yicha kelgusidagi qarorlar inflyatsiyaning joriy va prognoz dinamikasi shakllanishi, shuningdek, ichki va tashqi xatarlarni baholash asosida qabul qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, 10-sentabr kuni Markaziy bank asosiy stavkani 1 foizga pasaytirib, 14 foiz etib belgilagan edi.