MB makroiqtisodiy rivojlanishning uchta ssenariysini taqdim etdi

Obuna bo‘lish
Makroiqtisodiy rivojlanish prognozlari 3 xil – asosiy, tezkor iqtisodiy tiklanishga (optimistik) va tashqi iqtisodiy xatarlar kuchayishiga (xatarli) asoslangan muqobil ssenariylar asosida ishlab chiqildi.

TOShKENT, 22 okt — Sputnik. Markaziy bank pul-kredit siyosatining 2021-yil va 2022-2023 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqdi.

“Pul-kredit siyosatining asosiy yo‘nalishlari Markaziy bank tomonidan kelgusi yillarda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar majmuini o‘zida aks ettirib, tarkibida tashqi va ichki makroiqtisodiy vaziyatlarning o‘zgarishi sharoitida sohada ko‘riladigan choralar, qo‘llaniladigan tamoyil va instrumentlarni qamrab olgan”, - deyilgan xabarda.

Makroiqtisodiy rivojlanish prognozlari 3 xil – asosiy, tezkor iqtisodiy tiklanishga (optimistik) va tashqi iqtisodiy xatarlar kuchayishiga (xatarli) asoslangan muqobil ssenariylar asosida ishlab chiqildi.

Ta’kidlanishicha, makroiqtisodiy rivojlanish ssenariylarni ishlab chiqishda, birinchi navbatda, koronavirus pandemiyasining iqtisodiyotga hamda tashqi savdo hamkorlar iqtisodiyoti va asosiy eksport tovarlari narxlariga ta’sirlari, shuningdek, potensial ishlab chiqarish darajasining o‘zgarishlarini inobatga olishga harakat qilingan.

Asosiy ssenariy

Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat bosqichma-bosqich yaxshilanib borsa, aholi va biznes vakillarini o‘z faoliyatlarini pandemiya va undan keyingi sharoitlarga moslashgan holda davom ettirishadi.Tashqi savdo hamkorlar iqtisodiyotining bir maromda tiklanishi hisobiga tashqi talab 2022-yil ikkinchi yarim yilligidan inqirozdan oldingi darajasiga yetadi.

Mamlakatda iqtisodiy faollik va yalpi talab 2021-yil oxirida inqirozdan oldingi ko‘rsatkichlarga yaqinlashadi, 2023-yilda iqtisodiyot o‘zining potensiali darajasigacha tiklanadi.

Budjet daromadlari tiklanib borib, 2022-yilda yig‘ma budjet defitsiti 2,5 foizgacha pasayishi prognoz qilinmoqda. Bunda, tarkibiy islohotlar davom ettirilib, tartibga solinadigan narxlar erkinlashtirilishi jarayoni 2022-2023 yillarda amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.

Asosiy ssenariyga muvofiq, pul-kredit siyosatining joriy “nisbatan qat’iy” sharoitlari 2021-yil oxiriga qadar saqlanib qolinadi.

Optimistik

Pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning nisbatan tez sur’atlarda yaxshilanishi, kelgusida karantin choralarining joriy etilmasligi hamda jahonda virusga qarshi vaksina va dorilar 2021-yilning ikkinchi yarmidan keng tatbiq qilinishi sharoitlarini o‘z ichiga oladi.

Asosiy savdo hamkorlar iqtisodiyotining bir maromda tiklanishi hisobiga tashqi talab 2021-yil ikkinchi yarim yilligida inqirozdan oldingi darajasiga yetishi va jahon iqtisodiyoti tiklanib borgani sari oltin narxi pasayib borishi prognoz qilinmoqda.

Ichki iqtisodiy faollik va yalpi talab 2021-yil o‘rtasida inqirozdan oldingi darajaga yaqinlashishi, iqtisodiyot o‘zining potensialiga 2022-yilda yetishi kutilmoqda.

Bunda asosiy ssenariydan farqli ravishda transport, xizmatlar va turizm sohalarida ham o‘sish sur’atlarni jonlanadi.

Iqtisodiy faollikning tiklanishiga mos ravishda davlat budjeti daromadlari nisbatan tezkor sur’atlarda o‘sib borishi va yig‘ma budjet defitsitining 2022-yilda 2 foizgacha qisqarib boradi.

2022-2023 yillarda mantiqiy yakuniga yetkazilishi va ushbu sohalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi iqtisodiy o‘sishning asosiy omillaridir.

Optimistik ssenariyda belgilangan shartlar ro‘y bergan taqdirda, pul-kredit siyosatining amaldagi “nisbatan qat’iy” sharoitlari saqlanib qolinadi. Bunda 2021-2022 yillarda inflyatsiya darajasi asosiy ssenariyga qaraganda biroz pastroq darajada shakllanadi.

Xatarli

Jahonda pandemiya bilan bog‘liq vaziyatning keskinlashib borishi va global yopilish 2021-2022 yillarda ham davom etishi ehtimollarini ko‘zda tutadi.

Tashqi savdo hamkorlar iqtisodiyotining sekin  sur’atlarda tiklanishi, tashqi talab darajasining faqatgina 2023-yil ikkinchi choragiga kelib inqirozdan oldingi darajasiga yetadi va xavfsiz aktiv sifatida oltin narxida o‘suvchi dinamika saqlanib qolinadi.

Xatarli ssenariyda ichki iqtisodiy faollik va yalpi talab faqatgina 2022-yilning oxiriga kelib inqirozdan oldingi darajaga yaqinlashishi, iqtisodiyot o‘zining potensiali darajasiga 2023-yildan keyin yetishi va  budjet xarajatlari yuqoriligicha saqlanib qolishi sharoitida yig‘ma budjet defitsiti 6-7 foiz atrofida shakllanishi prognoz qilinmoqda.

Mazkur ssenariy shartlari yuz bergan taqdirda tartibga solinadigan narxlar erkinlashtirilishi jarayoni 2023-yilga qoldirilish ehtimollari oshadi.

Mazkur ssenariyda talab omillari tomonidan inflyatsiyaga bosim pasayadi, inflyatsiyaning prognoz trayektoriyasidan pasayish tomonga og‘ishi pul-kredit sharoitlarini “biroz yumshatish” imkoniyatini yaratadi. 

Markaziy bank nima qiladi

Uchta ssenariylar sharoitida ham Markaziy bank inflyatsiyaning 2023-yil oxirida 5 foizlik target doirasida bo‘lishi hamda bank va to‘lov tizimlari barqarorligini ta’minlash bo‘yicha doimiy maqsadlari o‘zgarishsiz qoladi.

Banklararo pul bozoridagi likvidlikni samarali qayta taqsimlanishini ta’minlash va Markaziy bankning ushbu bozordagi rolini bosqichma-bosqich pasaytirib borish rejalashtirilmoqda.

Ichki valyuta bozorini yanada takomillashtirishda valyuta kursining ichki va tashqi omillarga moslashuvchanligini oshirish, bozor ishtirokchilarning almashuv kursini belgilashdagi rolini oshiradi.

Yangi kommunikatsion siyosatni amalga oshirishda inflyatsiyaning maqsadli ko‘rsatkichlari, pul-kredit sohasida qabul qilinayotgan qarorlarning mohiyati va operatsion mexanizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumotlar keng jamoatchilikka muntazam ravishda e’lon qilib boriladi.

O‘rta muddatli istiqbolda makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash va yuqori sur’atli iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichlariga erishish ko‘p jihatdan kelgusi yillarda amalga oshiriladigan tarkibiy islohotlar hamda ichki va tashqi xususiy investitsiyalarni iqtisodiyotimizga jalb etilishiga bog‘liq.

Bu o‘z navbatida, davlat korxonalarini isloh qilish, iqtisodiyotda raqobat muhitini rivojlantirish, biznes yuritish uchun qulay institutsional sharoitlar ta’minlash va alpi unumdorlikni oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni samaradorligi va amaliy ahamiyatining oshirilishi bilan chambarchas bog‘liq.

Yangiliklar lentasi
0