TOShKENT, 20 okt - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev huzurida 2021-yilgi davlat budjeti muhokama qilindi.
Majlisda xabar berilishiga ko‘ra, ushbu yil sodir bo‘lgan koronavirus pandemiyasi oqibatlarini bartaraf etishga 13,4 trillion so‘m mablag‘ yo‘naltirish kerak bo‘lgan. O‘z vaqtida qabul qilingan qarorlar va ko‘rilgan choralar natijasida joriy yilgi budjet ijrosi ta’minlangan.
Kelgusi yilda ham COVID-19 pandemiyasi davom etishi, jahondagi iqtisodiy faollik pasayishi kutilayotgani tufayli 2021-yil davlab budjetida ushbu vaziyat inobatga olish kerakligini qayd etildi.
Respublikada makroiqtisodiy barqarorlik va belgilangan tushumlarini to‘liq ta’minlash uchun 2021-yili iqtisodiyotda kamida 5,1 foiz, jumladan, sanoatda 5,8 foiz, xizmatlar va qurilishda 6,5 foizdan o‘sishni ta’minlash zarurligi ta’kidlandi. Inflyatsiya darajasi va budjet defitsitini prognoz ko‘rsatkichlaridan oshirmaslik kerak.
Prezident, budjetni ta’minlash hamda ijtimoiy va boshqa sohalarni kerakli mablag‘ bilan ta’minlash uchun quyidagi choralarni ko‘rish kerakligini ta’kidladi:
- yashirin iqtisodiyotni qisqartirish, 600 ming ish o‘rnini legallashtirish, 53 ta idoraning ma’lumotlar bazasini integratsiya qilish;
- markirovka qo‘llaniladigan mahsulotlar turini kengaytirish hisobiga budjetga qo‘shimcha mablag‘lar tushirish;
- gaz ta’minotini oshirish hamda hisob-kitobni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish orqali aksiz solig‘idan qo‘shimcha 500 milliard so‘m mablag‘ tushirish;
- elektr energiyasi bilan uzluksiz ta’minlash hisobiga qo‘shilgan qiymat solig‘idan qo‘shimcha 250 milliard so‘m budjetga daromad tushirish;
- Transport vazirligiga keyingi yili qatnovlarni tiklash, yangi marshrutlarni ochish hisobiga budjetga tushumlarni 2019 yildagi ko‘rsatkichlarga yetkazish vazifasi qo‘yildi;
- budjet xarajatlari ochiq-oshkora bo‘lishi, vazirlik va idoralar, hududlar uning har bir so‘mini oqilona sarflashi kerakligi;
- moliyaviy intizom va nazoratni kuchaytirish. Moliya vazirligiga tashkilotlarda ichki audit tizimini mustahkamlash, noqonuniy xarajatlar va kamomadlarga yo‘l qo‘ymaslik;
- davlat idoralarining xarajatlar tarkibi va natijadorligi ularning rasmiy saytlarida e’lon qilish tartibi joriy qilinadi va buni Oliy Majlis palatalari hamda mahalliy kengashlar nazorat qiladi;
Undan tashqari, bosh vazir o‘rinbosarlariga keyingi yil uchun markazlashgan, xorijiy va xususiy investitsiya dasturlarini shakllantirish vazifasi qo‘yildi.