TOSHKENT, 20 okt – Sputnik. Frantsiyada vahshiylarcha oʻldirib ketilgan tarix oʻqituvchisi oʻz oʻlimidan soʻng Faxriy legion ordeni bilan taqdirlanadigan boʻldi, bu haqda mamlakat taʼlim vaziri Jan-Mishel Blanker bayonot berdi.
Oʻqituvchi bilan vidolashuv milliy marosimi chorshanba kuni kechqurun Sorbonnada boʻlib oʻtadi.
"Shuningdek, u Akademik palmalar ordeni bilan taqdirlanadi, bu ramziy maʼnoga ega, orden murabbiylarga, taʼlim dunyosi vakillariga taqdim etiladi", - dedi Blanker BFMTV telekanali efirida.
Oʻn oltinchi oktyabr kuni yovuz niyatli kimsa dars vaqtida Muhammad paygʻambarga chizilgan karikaturalarni namoyish qilgani uchun tarix fani oʻqituvchisi Samyuel Patini boshidan judo qilgan edi.
Butun boshli Frantsiyani larzaga solgan qotillik Konflan-Sent-Onorin kommunasi yaqinidagi maktab yaqinida yuz bergan. Jinoyatda gumon qilingan shaxs politsiya tomonidan yoʻq qilingan. Frantsiya prokuraturasi terrorizmga qarshi kurash qoʻmitasi rahbari Jan-Fransua Rikarning taʼkidlashicha, tajovuzni uyushtirgan shaxs 2002 yil Moskvada tugʻilgan, kelib chiqishi chechen blgan va Frantsiyada qochqin maqomini olgan.
Frantsiya prezidenti Emmanuel Makron yuz bergan hodisani terroristik akt, deya atagan. Yevropa chechenlar uyushmasi oʻqituvchi oʻldirilishini qoralagan. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov halok boʻlgan oʻqituvchining yaqinlariga hamdardlik bildirgan va Checheniston terrorizmning har qanday koʻrinishiga qarshiligini taʼkidlagan.
Yakshanba kuni Parijda Respublika maydonida va Frantsiyaning boshqa shaharlarida oʻldirilgan oʻqituvchi xotirasiga bagʻishlab aktsiyalar oʻtkazildi. Manifestatsiyalar ishtirokchilari soʻz erkinligi, oʻqituvchilarning respublika boʻyicha erkinligi va qoʻllab-quvvatlanishi lozimligi bitilgan shiorlar bilan chiqdilar. Parijdagi aktsiyada, shu jumladan, mamlakat bosh vaziri Jan Kasteks, hukumatning qator aʼzolari va shahar meri Ann Idalgolar ham ishtirok etishdi.