TOShKENT, 18 okt — Sputnik. Qirg‘izistonda parlament saylovlaridan keyin boshlangan norozilik namoyishlar prezidentning iste’foga chiqishigacha olib keldi. So‘nggi ikki hafta ichida mamlakatda sodir bo‘lgan voqealar xronologiyasi Sputnik sharhida.
4 oktabr. Qirg‘izistonda parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi.
5 oktabr. Bishkek markazida parlament saylovlari natijalaridan norozi bo‘lganlarning norozilik namoyishlari boshlandi. Namoyishlar tezda tartibsizliklar va Hukumat uyini egallab olishga urinishga aylanib ketdi. Militsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, yorug‘lik va shovqin granatalari va rezina o‘qlarni qo‘llagan.
6 oktabrga o‘tar kechasi namoyishchilar Oq uyga – parlament va prezident ma’muriyatiga kirishga muvaffaq bo‘ldi. Qamoqxonadan 2019-yilda qo‘lga olingan sobiq prezident Almazbek Atambayev va qator shaxslar ozod qilindi.
6 oktabr. MSK saylov natijalarini haqiqiy emas deb topdi. Qirg‘iziston bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi.
7 oktabr. Sadir Japarov o‘zini yagona qonuniy bosh vazir deb e’lon qildi. Boshqa nomzodlar ham paydo bo‘ladi, masalan, Tilek Toktogaziyev. Bir guruh deputatlar prezident Sooranbay Jeenbekovga nisbatan impichment jarayonini boshladi.
9 oktabr. Prezident avvalgi hukumat iste’fosini qabul qiladi, Bishkekda favqulodda holat e’lon qiladi va poytaxt tarixida ilk bor qo‘shin kiritadi.
10 oktabr. Parlament Japarov boshchiligida yangi hukumat tarkibini tasdiqlaydi. Atambayev yana qo‘lga olinadi.
13 oktabr. Prezident kvorum bo‘lmaganligi sabab Japarov hukumati noqonuniy ekanligini ma’lum qiladi.
14 oktabr. Parlament takroran Japarov boshchiligida yangi hukumat tarkibini tasdiqlaydi. Jeenbekov uni tayinlash to‘g‘risidagi farmonga imzo chekadi. Bishkekda yana miting – Jeenbekov iste’fosi talab qilinadi.
15 oktabr. Jeenbekov iste’foga chiqishini e’lon qiladi. U tarixda o‘z fuqarolari qonini to‘kkan davlat rahbari sifatida qolishni istamasligini aytadi. Parlament spikeri Kanat Isayev respublika rahbari vazifasini bajaruvchi bo‘ladi. Keyinchalik bu atigi bir kunga ekani ma’lum bo‘ladi.
16 oktabr. Isayev rasman prezident majburiyatlarini bajarishdan bosh tortadi. Konstitutsiyaga binoan ular bosh vazir Japarovga o‘tadi. Norozilik namoyishlari yakunlanadi.