TOShKENT, 15 okt — Sputnik. Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin O‘zbekistonga davlat tashrifi bilan keladi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabaridan ma’lum bo‘ldi.
Shavkat Mirziyoyev Xitoy hamda Janubiy Koreya bilan hamkorlikdagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar loyihalar ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazdi.
“Xitoy bilan ham aloqalar izchil rivojlanmoqda. Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning mamlakatimizga bo‘lajak davlat tashrifiga puxta tayyorgarlik ko‘rilmoqda”, - deyilgan xabarda. Biroq tashrif sanasi ma’lum qilinmagan. Si Szinpin ilk bor 2016-yil 21-iyun kuni davlat tashrifi bilan mamlakatga kelgan edi.
Xabarda yozilishicha, shu yilning 8 oyi davomida O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi savdo aylanmasi hajmi 4 milliard dollarga, Janubiy Koreya bilan 1,4 milliard dollarga yetdi.
Prezident ishtirokida Xitoy va Koreyaga eksport masalasi muhokama qilindi
Yig‘ilishda prezident bu davlatlar bilan hamkorlik bo‘yicha imkoniyatlar ko‘pligi, lekin hozirgi natijalar yetarli darajada emasligini ta’kidladi. “Yo‘l xaritalari” ijrosi oqsayotgani, ish tizimli olib borilmayotganini jiddiy tanqid qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston va Xitoy TIV rahbarlari Abdulaziz Kamilov va Van I bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarni muhokama qilgani xabar qilingan edi.