TOSHKENT, 15 okt — Sputnik. 2020 yilning 15 oktyabridan eʼtiboran davlat bogʻchalarga qabul uchun talabnomalarni elektron tarzda yuborish tizimi qayta ishga tushadi. Bu haqda Maktabgacha taʼlim vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Tizimga kelib tushgan yoʻllanmalarga elektron generatsiya yordamida ishlov berilganidan soʻng, qoʻyidagilarni bajarish lozim:
- Davlat xizmatlari markazi (“Yagona darcha”) da yoʻllanmani olish. Talabnomani my.gov.uz portali orqali yuborgan ota-onalar Davlat xizmatlari markaziga borib oʻtirmay, yoʻllanmani printer orqali bosib chiqarishlari mumkin;
- yoʻllanmani 15 kun davomida MTTga taqdim etib, bola qabulini rasmiylashtirishlari talab etiladi. Belgilangan 15 kun oʻtgach, yoʻllanma muddati bekor qilinadi;
- agar MTTdagi moʻljallangan guruh hali ochilmagan boʻlsa, yoki epidemiologik vaziyat tufayli ota-onalarning istagi bilan bola uyda qoldirilsa, u holda ota-onalar bolani masofaviy oʻqitishga oʻtkazilishiga oid yozma ravishda xabarnoma taqdim etishlari kerak boʻladi (maktabgacha yoshdagi bolalar uchun qiziqarli oʻquv jarayonlari Bolajon kanalida efirga uzatiladi). Bolaning oʻrni saqlanadi, toʻlov olinmaydi.
Eslatib oʻtamiz, sentyabr oyidan tayyorlov (6-7 yoshdagi bolalar), yuqori (5-6 yoshdagi bolalar) guruhlar, 12 oktyabrdan esa – oʻrta (4-5 yoshdagi bolalar) guruhlar oʻz faoliyatini boshlagan boʻlsa, noyabr oyi boshidan kichik (3-4 yoshdagi bolalar) guruhlarga bolalarni qabul qilish boshlanadi.
Davlat MTTlar ishini toʻlaqonli yoʻlga qoʻyish uchun mahalliy deputatlar Kengashining va Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining ruxsatlari talab etiladi.