Sardoba suv ombori to‘g‘onining yorilishi oqibatida 2 ming 211 ta xonadon yaroqsiz va 2 ming 499 tasi ta’mirtalab holatga kelib qolgan edi.
Ularni qayta tiklash maqsadida uchta hudud tanlanib, 50 gektar maydonda 86 ta 5 qavatli uy-joy barpo etildi. Xususan, Sardoba tumani “Do‘stlik” mahallasida 37 ta, Mirzaobod tumani “Haqiqat” mahallasida 40 ta hamda “Navbahor” mahallasida 9 ta uy-joy qurildi. Ularda jami 2 ming 640 xonadon bor.
Ilgari bu joylardagi ko‘p uylarda tabiiy gaz yo‘q edi. Endi gaz, suv, elektr energiyasi va boshqa kommunikatsiyalar bilan ta’minlangan. Yana bir muhim tomoni – yangi uy egalarining avvalgi hovlilari ham o‘zlarida qoldi.
Ko‘p qavatli uylar shinam, hovlilari obod. Bu mahalla «Yangi O‘zbekiston” deb nomlangan.
"Yangi O‘zbekiston" deyilganida ham ma’no bor. Agar xalqimizga ma’qul bo‘lsa, bunday uylarni boshqa hududlarda, aholi zich shaharlarda ham quramiz. Har bir mavze yonida ish o‘rinlari ham tashkil etamiz. Umuman olganda, qurish va yashash madaniyatimiz o‘zgarishi kerak", - dedi prezident.