TOShKENT, 14 okt — Sputnik. Farg‘ona viloyatining sobiq hokimi Shuhrat G‘aniyev O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati a’zolari ro‘yxatidan chiqarildi. Tegishli qaror Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilindi.
U O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 24-sentabrdagi PF-6069-son farmoniga asosan senatorlar ro‘yxatidan chiqarilgan.
“...Shuhrat G‘aniyev O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tasdiqlanganligi munosabati bilan u O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari ro‘yxatidan chiqarilgan deb hisoblansin”, - deyilgan hujjatda.
Mazkur qaror Oliy Majlis Senatiga hamda xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashiga yuborilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident farmoni bilan Shuhrat G‘aniyev bosh vazirning agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tasdiqlangani xabar qilingan edi.