TOShKENT, 12 okt — Sputnik. XIII asrga oid o‘g‘irlangan koshinlar Britaniya muzeyi ko‘magida O‘zbekistonga qaytariladi. Bu haqda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi matbuot xizmati xabar qilmoqda.
Ta’kidlanishicha, shu yilning yanvar oyida London Xitrou aeroportida epigrafik sirlangan koshinlar partiyasi qo‘lga olinganligi haqida holat qayd etilgan.
Qo‘shimcha hujjatlarda ular Sharjada 315 dirhamga sotib olinganligi va sotish uchun mo‘ljallanganligi bildirilgan. Koshinlar Buyuk Britaniya chegara xizmati vakillari tomonidan qo‘lga olinib, ularning haqiqiy yoshi, kelib chiqqan mamlakatiga aniqlik kiritish maqsadida Britaniya muzeyiga murojaat qilingan.
Britaniya muzeyida dunyoning yetti mamlakati olimlari bilan maslahatlashuv kengashi tashkil qilindi. O‘zaro kengashdan so‘ng koshinlar XIII asr oxiri - XIV asr o‘rtalariga oidligi hamda Samarqanddagi Shohi-Zinda yodgorlik majmuasiga tegishli ekanligi aniqlandi. Shohi-Zinda yodgorlik majmuasida bir necha bor, xususan, 1996, 2000 va 2004-yillarda arxeologik qazish va tiklash ishlari amalga oshirilgan.
2004 yildagi ishlar davomida ilgari majmuada mavjud bo‘lgan binolardan ham, saqlanib qolgan yodgorlik inshootlaridan ham me’moriy bezaklarning ko‘p sonli qismlari topilgan. Topilgan parchalar O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Arxeologiya institutiga, Samarqand shahar tarixiy-madaniy va me’moriy muzey-qo‘riqxonasiga, Samarqand shahri tarixi muzeyi jamg‘armalariga o‘tkazilgan.
Ushbu dalillar keltirilgach, koshinlarni import qiluvchi egalik huquqini talab qilmadi. Koshinlar musodara qilindi va keyinchalik O‘zbekistonga repatriatsiya qilish uchun Britaniya muzeyiga topshirildi.
Karantin bo‘lishiga qaramay, Madaniyat vazirligi rasmiy murojaat olgandan so‘ng, Madaniy meros bo‘limidagi o‘zbekistonlik olimlar bilan birgalikda ushbu koshinlarning kelib chiqishini aniq joylarda o‘rganishni boshladi. Koshinlarning ma’lum bir yodgorlikka tegishliligini aniqlash uchun Samarqandga boradigan ishchi guruh tashkil etildi.
Tadqiqotlar davomida koshinlar Xo‘ja Ahmad maqbarasi (XIV asrning ikkinchi yarmi), noma’lum maqbara (1360/61) me’moriy bezaklariga uslubiy yaqinligi aniqlandi, ammo me’moriy yodgorliklardan bezak parchalarining koshinlar bilan to‘liq mos kelishi hozircha aniqlanmadi.
Ayni paytda koshinlarning ma’lum bir me’moriy yodgorlikka tegishli ekanligini aniqlash bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Ushbu koshinlar qaytarilishdan oldin 2020-yil dekabr oyida Britaniya muzeyida namoyish etiladi.