TOShKENT, 12 okt — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali muloqot qildi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar qildi.
“Davlatimiz rahbari Tojikiston yetakchisini kuni kecha bo‘lib o‘tgan Prezident saylovidagi ishonchli g‘alabasi bilan tabriklab, unga birodar tojik halqi farovonligi va ravnaqi yo‘lidagi faoliyatida katta muvaffaqiyatlar tiladi”, - deyilgan xabarda.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston-Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida amalga oshirish, Hukumatlararo komissiya qarorlarini bajarish hamda bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvlar uchun yangi kun tartibini ishlab chiqish muhimligi alohida ta’kidlandi.
Mintaqaviy hamkorlik masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Prezidentlar Qozog‘iston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekiston davlat rahbarlarining Qirg‘izistondagi vaziyat yuzasidan qo‘shma bayonoti qabul qilinganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Muloqot so‘ngida mamlakatlar o‘rtasidagi uzoq muddatli va keng ko‘lamli hamkorlikni rivojlantirishga ikkala tomonning ham intilishi qat’iy ekani ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, 11-oktabr kuni Tojikistonda navbatdagi prezident saylovlari bo‘lib o‘tdi. Amaldagi davlat rahbari Emomali Rahmon unda 90,92 foiz ovoz to‘plab, g‘olib bo‘ldi.