TOShKENT, 11 okt — Sputnik. O‘zbekistonda turizm sohasida faoliyat yurituvchi ichki ishlar organlari xodimlarining yangi formasi namunasi sinovdan o‘tkazilmoqda.
IIV Xavfsiz turizmni ta’minlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi xabariga ko‘ra, mazkur soha xodimlarining yangi forma kiyim-boshlari bo‘yicha namunalar loyihasi ishlab chiqildi. Bugungi kunda yangi namunadagi forma tayyor bo‘lib, Toshkent shahar va poytaxt viloyati xodimlarida sinovdan o‘tkazilmoqda.
Ta’kidlanishicha, forma kiyimini ishlab chiqishda avvalo ko‘rinishiga ahamiyat qaratildi, shu bilan birga uning qulayligi, zamonaviy dizaynga ega ekanligi ham e’tibordan chetda qolmagan.
Bundan tashqari, bo‘linmalar xodimlari faoliyatining o‘ziga xos jihatlari, mamlakat hududidagi iqlim sharoitlari va zamonaviy talablar inobatga olingan.
Loyiha jarayonida xorijiy davlatlar tajribasi ham o‘rganilgan. Forma mazkur yil davomida sinovdan o‘tkaziladi.