TOShKENT, 11 okt — Sputnik. 7-8 oktabr kunlari videokonferensiya shaklida Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) Boshqaruvchilar kengashining yillik yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
Yillik yig‘ilish kun tartibidagi asosiy masala YeTTB prezidentining saylovi bo‘ldi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra Fransiya Iqtisodiyot, moliya va tiklanish vazirligi G‘aznachiligining bosh direktori Odil Reno-Basso 2021-2024 yillar davri uchun YeTTBning yangi prezidenti etib saylandi.
“Shuningdek, YeTTB tarixida birinchi marta Bankning oliy boshqaruv organi - boshqaruvchilar kengashi raisining o‘rinbosari etib bankning O‘zbekistondan boshqaruvchisi, O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov saylandi”, - deyilgan xabarda.
Yig‘ilish doirasida davra suhbati tashkil etilib, uning davomida global va mintaqaviy iqtisodiyotning joriy tendensiyalari, COVID-19ning YeTTBga a’zo mamlakatlar iqtisodiyotiga ta’siri, bankning unga a’zo mamlakatlarni pandemiya bilan bog‘liq muammolarni yengib o‘tishda qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha faoliyati, shuningdek, 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan YeTTB kapital qo‘yilmalari va faoliyati bo‘yicha Strategiyasi muhokama qilindi.
Yig‘ilish yakunlarida shuningdek, Bankning kelgusidagi istiqbollarini belgilab beruvchi bir qator qarorlar, shu jumladan, Iroqning YeTTB aksiyadorlari safiga qo‘shilish bo‘yicha buyurtmanomasini qabul qilish to‘g‘risidagi rezolyutsiya qabul qilindi.
Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki 1991-yil 28-martda tashkil etilgan. Shtab-kvartirasi London shahrida joylashgan. O‘zbekiston 1992-yil 30-apreldan beri YeTTB a’zosidir. Hozirgi vaqtda uy-joy kommunal xizmatlari, energetika, yo‘l ho‘jaligi, irrigatsiya va ekologiya sohasida umumiy qiymati 1,0 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan bir qator loyihalar bank bilan birgalikda ishlab chiqilmoqda.