TOShKENT, 10 okt - Sputnik. Armaniston va Ozarbayjon Moskvada bo‘lib o‘tgan o‘n soatlik muzokaralar yakuniga ko‘ra Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida kelishuvga erishdi, deb xabar qiladi RIA Novosti RF TIV rahbari Sergey Lavrovga tayangan holda.
Kelishuv 10-oktabr 12.00dan boshlab kuchga kiradi. Tinchlik rejimi harbiy asirlar va asirlikda saqlanib turgan boshqa shaxslar, shuningdek, halok bo‘lgan askarlar jasadlari bilan o‘zaro almashish maqsadida o‘rnatilmoqda. Qizil Xoch jamiyati vositachilik qiladi.
O‘t ochishni to‘xtatishning aniq shartlari qo‘shimcha ravishda kelishiladi.
Armaniston, Ozarbayjon va Rossiya TIV rahbarlari Zograb Mnatsakanyan, Jeyxun Bayramov va Sergey Lavrov o‘rtasidagi muzokaralar Moskvada juma kuni boshlandi va shanbaga o‘tar kechasi yakunlandi.
Sal avval Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya poytaxtida Armaniston va Ozarbayjon davlatlarining TIV rahbarlari darajasidagi maslahatlashuvlarini o‘tkazish taklifi bilan murojaat qilgan edi.
Tog‘li Qorabog‘dagi mojaro 1988-yildan buyon o‘z yechimini topmay keladi.