TOShKENT, 3 okt - Sputnik. Sog‘liqni saqlash xodimlariga ko‘p yillik mehnati uchun ustama to‘lanadi. Bu haqda prezidentning "Sog‘liqni saqlash sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida aytilgan.
Hujjatga ko‘ra:
* Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari – Toshkent shahar sog‘liqni saqlash bosh boshqarmasi boshlig‘i lavozimi joriy etildi;
* Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari – Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori lavozimi tugatildi.
Qarorga muvofiq:
* Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri va viloyatlar sog‘liqni saqlash boshqarmalari boshliqlari sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi va viloyat hokimlari bilan kelishilgan holda;
* hududiy tibbiyot muassasalari rahbarlari esa sog‘liqni saqlash vaziri hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi va viloyat hokimlari bilan kelishilgan holda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshliqlari tomonidan lavozimga tayinlanadi.
2020 yil 1-noyabrdan Sog‘liqni saqlash vazirligi va hududiy boshqaruv organlari xodimlariga quyidagi miqdorda ko‘p yillik ishlaganlik uchun har oylik ustama to‘lanadi (rag‘batlantirish koeffitsiyentini inobatga olgan holda lavozim maoshiga nisbatan koeffitsiyentlarda):
- 1-yildan 3-yilgacha – 0,3; 3 yildan 5-yilgacha – 0,6; 5 yildan 10-yilgacha – 0,8; 10 yildan 15-yilgacha – 1; 15 yildan 20-yilgacha – 1,2; 20 yildan yuqori – 1,5.