TOShKENT, 3 okt - Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev AQSh prezidenti Donald Trampga maktub yo‘lladi. Bu haqda prezident matbuot-xizmati xabar bermoqda.
"Siz va Melaniya Tramp Xonim Oliyalarining koronavirusga chalingani to‘g‘risidagi xabarni chuqur bezovtalik va katta xavotir bilan qabul qildim. Sizlarni qisqa fursatlarda mazkur virusni muvaffaqiyatli yengib o‘tib, shifo topishingizga, farovon hayotingiz hamda mas’uliyatli davlatchilik faoliyatingizni davom ettirishingizga ishonchim komildir", - deyilgan maktub matnida.
O‘zbekiston yetakchisi Tramplar oilasiga mustahkam sihat-salomatlik, xotirjamlik va kuch-quvvat yor bo‘lishini tilab qolgan.
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha Donald Tramp va Melaniya Tramplarning koronavirusga chalingani to‘g‘risidagi xabar tom ma’noda internetni "portlatgan" edi. AQSh prezidenti o‘z rafiqasi bilan kechadan e’tiboran karantinga o‘tishlarini ma’lum qilishgan.
Hozirda Oq uy Tramp kun tartibidan barcha ommaviy tadbirlarni olib tashlagan. Amerika prezidenti Uolter Rid nomidagi Vashington yaqinida joylashgan harbiy gospitalda qolmoqda. Oq uy bayonotiga ko‘ra, Tramp u yerda bir necha kun "xavfsizlik choralari" tufayli qolib turadi.