“Yuksalish” mas’ullarni koronavirusga oid kunlik batafsil hisobot e’lon qilishga chaqirdi

© Sputnik / Maksim Blinov / Mediabankka o‘tishKoronavirus
Koronavirus - Sputnik O‘zbekiston
Obuna bo‘lish
Tashkilot yopiqlik, ayrim masalalar yuzasidan sukut saqlash va noaniqlik vahima, mish-mishlar tarqalishining, axborot makonida feyklar ko‘payishining omillari bo‘lib, pirovardida fuqarolarda hukumatga nisbatan ishonchsizlik ortishiga olib keladi deb hisoblaydi.

TOShKENT, 29 sen — Sputnik. “Yuksalish” umummilliy harakati fuqarolarni mamlakatdagi vaziyat haqida ishonchli statistika va xolis axborot bilan ta’minlash muhimligini ma’lum qildi.

Tashkilot COVID-19 infeksiyasi bilan kasallanish va o‘lim holati statistikasi qanchalik ishonchliligi, tahlil natijalarini qanchalik tez olish imkoni borligi, koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha maxsus shtab tarkibiga qaysi shaxslar kiritilgani borasida qator savollar bilan tegishli idoralarga murojaat qilgan.

“Yuksalish” umummilliy harakati mas’ul idoralar rahbarlarini quyidagilarga chaqiradi: 

  • Respublika maxsus komissiyasi va Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatda COVID-19 tarqalishi bilan bog‘liq vaziyat to‘g‘risida fuqarolarni to‘liq va xolis axborot bilan ta’minlab borish, xususan, koronavirus infeksiyasi tarqalishining aniq ko‘rsatkichlari va o‘choqlari, uyda davolanayotgan odamlar, vafot etganlar soni ko‘rsatilgan kunlik batafsil hisobotlarni e’lon qilib borish;
  • COVID-19 yuqishi natijasida kelib chiqqan pnevmoniya holatlarini va koronavirus infeksiyasini yaxlit statistik ma’lumotlar ko‘rinishida birlashtirish, shu jumladan pnevmoniyani yuqtirgan va uning oqibatida vafot etganlar sonini taqdim etish;
  • Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha shtab a’zolarining to‘liq ro‘yxatini jamoatchilikka taqdim etish;
  • Fuqarolarni epidemiologik vaziyat haqida xabardor qilishga qaratilgan brifing va matbuot anjumanlarida vazirlik va idoralar rahbariyati darajasidagi vakolatli shaxslar, Respublika maxsus komissiyasi a’zolarining ishtirok etishini ta’minlash.

Tashkilot yopiqlik, ayrim masalalar yuzasidan sukut saqlash va noaniqlik vahima, mish-mishlar tarqalishining, axborot makonida feyklar ko‘payishining omillari bo‘lib, pirovardida fuqarolarda hukumatga nisbatan ishonchsizlik ortishiga olib keladi deb hisoblaydi. Davlat rahbari koronavirus infeksiyasi bilan zararlanishning haqiqiy holati bo‘yicha raqamlarni yashirishga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik to‘g‘risida barcha hokim va rahbarlarni ogohlantirgan. Bunga urinish jinoiy javobgarlikkacha bo‘lgan qat’iy choralarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlagan.

Ta’kidlanishicha, ishonchli, xolis, o‘z vaqtida berilgan ma’lumotlar fuqarolarga asosli qarorlar qabul qilishga, o‘zlari va boshqalarning sog‘lig‘ini himoya qilish uchun mas’uliyat bilan yondashishga imkon beradi.  

“Pandemiya butun dunyoda to‘liq bartaraf etilmas ekan, xotirjamlikka berilib bo‘lmaydi. Barcha yurtdoshlarimizni xushorlikka, juda ehtiyotkorlik bilan karantin va sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilishga chaqirib qolamiz”, - deyilgan murojaat so‘ngida.

So‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, O‘zbekistonda jami 56 252 koronavirus bilan kasallangan. Shulardan 52 859 nafari tuzalib ketgan. 465 kishi esa virus qurboniga aylangan.

Yangiliklar lentasi
0