TOShKENT, 28 sen — Sputnik. Toshkent shahar IIBB internet tarmoqlarida tarqalgan “Toshkentda reperlar o‘rtasida ishkal” deb nomlangan video bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.
Aniqlanishicha, ushbu holat joriy yilning 26-sentabr kuni soat 15.30 larda Yunusobod tumanidagi “Zarafshon” savdo-ko‘ngilochar markazi yonida sodir bo‘lgan.
Yaqin o‘rtada xizmat olib borayotgan ichki ishlar organlari xodimlari janjalni ko‘rib, zudlik bilan hodisa joyiga yetib borgan, biroq janjal ishtirokchilari ichki ishlar organlari xodimlarini ko‘rib qochib ketishgan.
Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, janjal ishtirokchilarining shaxsiga aniqlik kiritilmoqda.
Ta’kidlanishicha, mazkur holat Toshkent shahar IIBB rahbariyati tomonidan nazoratga olingan va tekshiruv yakuni bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot beriladi.