TOShKENT, 28 sen — Sputnik. “Umumiy o‘rta ta’limi muassasalarida sog‘lom ovqatlantirishni tashkil etishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori loyihasi tayyorlandi.
Hujjatga 2021-2025 yillarda ovqatlanish tizimi mavjud bo‘lmagan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida oshxonalarni tashkil etish va jihozlash ko‘rsatkichlari ilova qilingan.
Unga ko‘ra, 4-yil davomida respublika bo‘ylab ovqatlanish tizimi mavjud bo‘lmagan 2990 ta maktabda oshxonalar tashkil etiladi. Shuningdek, oshxonalar muzlatgich, suv qaynatgich, elektr plita, idish-yuvish vannalari va boshqalar bilan jihozlanadi. Eng ko‘p – Samarqand (714 ta), Farg‘ona (386), Qashqadaryo (370) viloyatlaridagi maktablar.
“Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq:
a) umumiy o‘rta ta’lim maktablari oshxonalarida ovqatlantirishni tashkil etish jarayonida oshxonalarda foydalaniladigan kommunal xizmatlar uchun to‘lovlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Bunda:
o‘quv yili boshlangunga qadar har bir ta’lim muassasalari bo‘yicha kommunal xizmatlar uchun cheklangan har oylik ko‘rsatkichlar xalq ta’limi hamda moliya bo‘limlari tomonidan belgilanadi;
cheklangan ko‘rsatkichlardan ortiq foydalanilgan kommunal xizmatlari uchun to‘lovlar ijara oluvchilar tomonidan amalga oshiriladi.
b) umumiy o‘rta ta’lim maktablarida oshxonalarni qurish
va ta’mirlash ishlarini olib borgan xususiy tadbirkorlarga uzoq muddatli “nol” stavka bilan ijaraga beriladi”, - deyilgan loyihada.