TOShKENT, 24 sen — Sputnik. “Olis hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga ishga boradigan oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining mehnatini yanada rag‘batlantirish to‘g‘risida” hukumat qarori loyihasi umumiy muhokamaga qo‘yildi.
Olis hududlarda joylashgan budjet tashkilotlarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan oliy ma’lumotli mutaxassislarga (keyingi o‘rinlarda oliy ma’lumotli mutaxassis deb ataladi) bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi berish hamda ularni uy-joy bilan ta’minlash tizimini joriy qilish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berish nazarda tutilmoqda.
“Olis hududlarda joylashgan budjet tashkilotlarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan oliy ma’lumotli mutaxassislarni rag‘batlantirish bo‘yicha yangi mexanizm 2021-yil 1-yanvardan boshlab joriy qilinadi,” – deyilgan hujjatda.
Shuningdek, olis hududlarda joylashgan budjet tashkilotlarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan oliy ma’lumotli mutaxassislarga beriladigan bir martalik boshlang‘ich yordam puli (keyingi o‘rinlarda boshlang‘ich yordam puli deb ataladi) bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravariga hamda uy-joylarni ijaraga olganlik (ijarada turganlik) uchun har oylik pul kompensatsiyasi (keyingi o‘rinlarda har oylik pul kompensatsiyasi deb ataladi) bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravariga tenglashtiriladi.
Bir martalik boshlang‘ich yordam puli va har oylik pul kompensatsiyasi hamda uy-joy sharoitini yaxshilash bo‘yicha imtiyozlardan oliy ta’lim muassasasining bakalavriati va magistraturasini (ta’lim shaklidan qat’iy nazar – kunduzgi, sirtqi, kechki, shuningdek ikkinchi mutaxassislik)
tamomlaganidan keyin uch yil mobaynida olis hududlarda joylashgan budjet tashkilotlariga ishga kirgan bitiruvchilar foydalanish huquqiga ega.
Har oylik pul kompensatsiyasi oliy ma’lumotli mutaxassis ishga qabul qilingan oydan boshlab 36 oy mobaynida to‘lanishi, bunda xizmat uy-joy maydoni berilgan taqdirda yoki u uy-joy sotib olganda, uning vakolatlari to‘xtatilganda va tugaganda pul kompensatsiyasi to‘lash to‘xtatiladi.