TOShKENT, 23 sen — Sputnik. Navoiy viloyati Uchquduq tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasida ikki kishi qurbon bo‘ldi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar qildi.
YTH 22-sentabr kuni Uchquduq tumani xududidan o‘tgan A-379 yo‘lining 282 km.da sodir bo‘lgan. 21 yoshli “Lacetti” haydovchisi harakatlanib ketayotganida boshqaruvni yo‘qotib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan. Buning oqibatida ushbu yo‘nalishda harakatlanib kelayotgan 24 yoshli J.J.ning boshqaruvida bo‘lgan “Nexia” bilan to‘qnashib ketgan.
Natijada “Nexia” avtomashinada bo‘lgan yo‘lovchilar 26 yoshli S.M. va 57 yoshli R.D. (ayol) lar hodisa joyida vafot etgan. Yana 3 nafar yo‘lovchi turli darajadagi tan jarohatlari bilan tibbiyot muassasasiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 266-modda 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.