TOSHKENT, 19 sen - Sputnik. Oʻzbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Rossiya Xalqlar doʻstligi universiteti (RUDN) hamda "World Skills Russia" (Rossiyaning yosh mutaxassislari) oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida uch tomonlama Memorandum imzolandi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar bermoqda.
Ushbu kelishuv Moskva, Sankt-Peterburg, Yekaterinburg, Qozon va Novosibirsk shaharlarida oʻzbekistonlik mehnat migrantlarini rus tili va kasbga oʻqitishni koʻzda tutadi.
Unda fuqarolar qurilish, xizmat koʻrsatish, transport va logistika, texnika va texnologiyalar, ishlab chiqarish, avtomobilsozlik sohalarida 25 ta kasb boʻyicha oʻqitiladi.
Oʻzbekiston fuqarolarining rus tili, Rossiya tarixi va qonunchiligi boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida RUDNning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Unda Rossiya Federatsiyasi hududida mehnat faoliyatini amalga oshirish istagidagi Oʻzbekiston fuqarolariga patent olish uchun talab etiladigan rus tili boʻyicha imtihon topshirishga tayyorgarlik koʻrish, tayyorlanish mobaynida bepul maslahatlarni olish imkoniyati taqdim etiladi.
Ilgariroq Rossiya va Oʻzbekiston oʻrtasida mehnat migratsiyasi sohasida bir qator masalalar yuzasidan muzokaralar oʻtkazish va aniq kelishuvlarga erishish maqsadida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston fuqarolari huquqlarini himoya qilish va xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari departamenti, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillaridan iborat delegatsiya Rossiyaga tashrif buyurgani haqida xabar qilingan edi.