TOShKENT, 16 sen — Sputnik. 15-sentabrdan boshlab Toshkentning Shayxontohur tumanidagi 40 va 262-sonli maktablarda an’anaviy ko‘rinishdagi darslar koronavirus infeksiyasi bo‘yicha epidemik vaziyat barqaror bo‘lgunga qadar vaqtinchalik to‘xatildi. Bu haqda poytaxt Xalq ta’limi boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
“Bugungi kunda barcha hududlarda maktab o‘qituvchilarining COVID-19 infeksiyasiga test topshirish jarayoni amalga oshirilmoqda. Test topshirish jarayonida afsuski natijalar musbat chiqayotgan holatlar ham bor. Quvonarli tomoni aksariyat o‘qituvchilarda kasallik alomatlarsiz yengil holda kechayotgani sababli, ularning ayrimlari o‘zlari ham virusni boshidan kechirayotganidan bexabar bo‘lgan”, - deyiladi XTV xabarida.
Toshkent shahridagi 318 ta umumta’lim muassasalaridan 137 tasi an’anaviy tarzda faoliyat ko‘rsatmoqda. Qolgan maktablar faoliyati an’anaviy tarzda boshlagunga qadar dars mashg‘ulotlarining onlayn tarzda, ya’ni "Onlayn-maktab" loyihasi doirasidagi televizion darslar orqali amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buxoro viloyatida 239 nafar maktab o‘qituvchisi va texnik xodimi koronavirusga chalingani aniqlangani xabar qilingan edi.