TOShKENT, 16 sen — Sputnik. Yangi shtammdagi koronavirus bosh miyasiga kirish xususiyatiga ega, deb yozadi yaponiyaning Japan Today nashri Yels universiteti immunologi Akiko Ivasakiga tayangan holda.
Olimlar bosh og‘rig‘i va fikrlashdagi chalkashliklar singari simptomlar tufayli shunday xulosaga kelganlar.
Shu paytga qadar shifokorlar koronavirus tufayli yuzaga kelayotgan nevrologik oqibatlar anomal immun javob natijasi bo‘lishi mumkin, deya hisoblashar edilar. Infeksiyaga organizmning reaksiyasi miya yallig‘lanishini keltirib chiqarishi taxmin qilinardi.
Tadqiqotlar davomida ma’lum bo‘ldiki, koronavirus to‘g‘ridan-to‘g‘ri miyaga kirib, miya to‘qimalari ichida ko‘payish xususiyatiga ega. Olimlarning aniqlik kiritishicha, voqealarning bunday rivojida bosh miyaning sog‘lom to‘qimalari kislorod yetishmovchiligini his eta boshlaydi.
Yels universiteti mutaxassislari koronavirusning miyaga kirish gipotezasini uchta usul yordamida tekshirib ko‘rdilar: bu laboratoriyada yetishtirilgan "mini-miya" bilan infeksiyalanish, gen-modifikatsiyalangan sichqonlar va COVID-19 oqibatida vafot etganlar miyasini tadqiq qilish.
Olimlar tomonidan o‘tkazilgan barcha tajribalar shuni tasdiqladiki, koronavirus atrofdagi hujayralarni o‘ldiradigan neyronlarni infeksiyalar ekan. Buning oqibatida esa miyaga kislorod borishi juda sekinlashishi ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, mutaxassislar miyaning infeksiyalangan sohalarida immun hujayralar, xususan, T-hujayralarni aniqlay olmaganlar. Bu immun javobning zo‘rayishi koronavirusga chalingan bemorlardagi nevrologik kasallik belgilari bilan umuman aloqador emasligiga ishora qilishi mumkin.