TOShKENT, 15 sen — Sputnik. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi. Bu haqda parlament quyi palatasi deputati Rasul Kusherbayev telegram kanalida ma’lum qildi.
O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosining ma’lum qilishicha, qonun loyihasida, xususan, quyidagilar belgilanmoqda:
- har bir shaxsning diniy ta’lim muassasalarida professional ta’lim olish, shuningdek, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan o‘z farzandlariga diniy amaliyot asoslari va odob-axloq qoidalarini (uy sharoitida ta’lim berish) o‘rgatish huquqini berish;
- diniy tashkilotlar mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) bo‘yicha sudga murojaatlar qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod etish;
- diniy tashkilot ro‘yxatdan o‘tish jarayonida mahalla ishtirokini bekor qilish;
- mahalliy diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talab qilinadigan shaxslar sonini 100 tadan 50 tagacha qisqartirish;
- fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘ymaslik talabini bekor qilish.
Qonun loyihasi uchta o‘qishda ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan ma’qullangan taqdirda Senatga yuboriladi.
O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 1841-moddasiga muvofiq (1998 yilda kiritilgan) O‘zbekiston fuqarolarining (diniy tashkilotlarning xizmatidagilar bundan mustasno) jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlari eng kam ish haqining 5 baravaridan 10 baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.