Rossiya Ichki ishlar vazirligi yangi federal qonun konsepsiyasini tayyorladi va muhokama qilmoqda. Qonun Rossiya fuqaroligini olish va chet elliklarning ishga joylashishini soddalashtiradi.
Federal qonun loyihasi 2021-yilda paydo bo‘lishi mumkin.
“Bu masalani ko‘rib chiqish vaqti kelgan, men allaqachon buni ko‘rib chiqish kerak edi degan bo‘lardim. Tartibni soddalashtirish – bu avvalo Rossiya davlatiga katta yengillik, chunki qo‘shimcha qog‘ozbozlik ishlari ham budjet, ham kadrlarga talaygina og‘irlik qiladi”, - dedi “Dobrososedstvo” Xalqaro aloqalarni rivojlantirish jamg‘armasi loyihalari direktori Yuriy Moskovskiy.
Uning so‘zlariga ko‘ra, migratsiya qonunchiligini soddalashtirishga qarshi chiqayotganlar o‘z pozitsiyalarini bu Rossiyada nazorat qilib bo‘lmaydigan migratsiyaga olib kelishi bilan asoslashmoqda.
Ammo Moskovskiy bularning barchasi aksincha deb hisoblaydi.
“Bu, birinchi navbatda, Rossiya fuqarolariga foyda keltiradi. Tabiiyki, bu Rossiya fuqaroligini olishga intilayotgan chet el fuqarolari uchun ham yengillik bo‘ladi. Men shunday degan bo‘lardim: qonunchilikka o‘zgartirish kiritish zaruriyati bor, texnik nuqtayi nazaridan ham buni qilish juda oson. Eng muhimi, osonlashtirish o‘rniga murakkablashtirib qo‘yilmasin”, - deya ta’kidladi ekspert.
Moskovskiyning fikriga ko‘ra, shu bilan birga Rossiyada yashash guvohnomasi (VNJ)
kvotalarini kengaytirish va ular toifalarini saqlab qolish zarur. Shuningdek, olish jarayonini osonlashtirilib, kvota olish esa murakkablashtirib yuborilmasligi muhim.