TOShKENT, 14 sen — Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ikki nafar xodim koronavirus asoratlari tufayli vafot etdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi FVB Qo‘ng‘irot tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Kuanishbay Akimov hamda Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Qo‘shko‘pir tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i mayor Doniyor Jabbarov vafot etgan.
Shu kunga qadar ushbu xodimlarning koronavirus bilan xastalanib, shifoxonaga yotqizilganligi ma’lum bo‘lgan edi.
Podpolkovnik Kuanishbay Akimov 20-yildan ortiq muddat davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Yong‘in xavfsizligi boshqarmasida turli lavozimlarda xizmat qilib kelgan.
Mayor Doniyor Jabbarov ham vazirlik tizimida 2005-yil aprel oyidan buyon turli lavozimlarda xizmat qilgan.
Ta’kidlanishicha, ular xalqning tinchligi va farovonligi yo‘lida o‘z xizmat burchini bajarish chog‘ida ushbu kasallikni yuqtirib olganlar.
Vazirlik ularning vafoti munosabati bilan marhumlarning oila a’zolariga chuqur ta’ziya izhor etgan.