TOShKENT, 9 sen — Sputnik. “2020 yil paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori qabul qilindi.
Quyidagi tumanlarda qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta xomashosi uchun tavsiya etilgan tarif stavkasiga davlat budjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan 200 so‘mdan ustama haq to‘lanadi:
- Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarining barcha tumanlari;
- Qoraqalpog‘istonning Qonliko‘l, Qorao‘zak, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Taxtako‘pir, Xo‘jayli, Shumanay, Chimboy va Nukus tumanlari;
- Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Mirishkor, Nishon, Kasbi, Qarshi tumanlari;
- Surxondaryo viloyatining Qiziriq, Bandixon, Muzrabot va Sherobod tumanlari.
Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari ta’lim, sog‘liqni saqlash tashkilotlari va boshqa budjet tashkilotlari xodimlarini hamda ta’lim muassasalari o‘quvchilari va talabalarini paxta xomashosi yig‘im-terimiga jalb qilish holatlarining oldini olish va bunga chek qo‘yish yuzasidan shaxsan mas’ul ekanliklari belgilandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2020-yilda qo‘lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun birinchi terimda 1000 so‘m, ikkinchi terimda 1 400 so‘m haq to‘lanishi xabar qilingan edi.