TOShKENT, 4 sen - Sputnik. O‘zbekiston va Qirg‘iziston investitsiya, savdo va transport sohalarida o‘zaro savdo hajmini 1milliardga yetkazishadi. Bu haqida 3-sentabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari S.Umurzakov hamda Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari E.Asrandiyev o‘rtasida videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda kelishib olindi.
Muzokaralarda qayd etilishiga ko‘ra, so‘nggi 3-yilda ikki respublika orasidagi savdo aylanmasi qariyb besh baravar o‘sib, o‘tgan yilda 818,4 mln dollarni tashkil etgan.Tomonlar pandemiyaning salbiy ta’sirini birgalikda bartaraf etib, o‘zaro savdo hajmini 1 mlrd dollarga yetkazishga kelishib olishdi.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston ikki mamlakat o‘rtasida investitsiya, savdo va transport-logistika sohalarida sheriklikdan tashqari sanoat kooperatsiyasi sohasidagi hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqishga qaror qilishdi.
Transport sohasida o‘zaro hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘tgan yil yakunlari bo‘yicha ikki mamlakat o‘rtasidagi temir yo‘l orqali yuk tashish hajmi 10,7 foizga o‘sib, 1,47 mln tonnani, avtomobil yuk tashish hajmi esa 38,2 foizga o‘sib, 1,49 mln tonnani tashkil etganligi qayd etildi.
Tomonlar yuk tashishga sarflanadigan vaqtning sezilarli darajada kamayishiga va tashuvchilarning transport xarajatlarini optimallashtirishga imkon yaratgan “O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy” yo‘lagi bo‘ylab multimodal yuk tashishlari ishga tushirilganligini mamnuniyat bilan ta’kidladilar.