Belarus masalasida Rossiya pozitsiyasini prezident Putin aniq va ravshan qilib aytib o‘tdi. Biz xalqaro huquq normalariga amal qilgan holda hamda Belarus Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi orasidagi majburiyatlarga muvofiq harakat qilamiz.
Biz, Belarus o‘z muammolarini, tashqaridan ta’sir o‘tkazmagan holda, o‘ziga qo‘yib berilishini istaymiz. Hozir ko‘plab davlatlarda, xususan Belarusga qo‘shni bo‘lgan va okean ortidagi AQSh va Kanada kabi davlatlarda ham mavjud vaziyatni hal qilishda qandaydir yondashuvlar taklif qilinmoqda.
Bizning fikrimizda bu yerda hech qanday o‘rtakashlik xizmatlariga ehtiyoj yo‘q. Belarus prezidenti konstitutsion reforma taklif qildi. Bizning umumiy xulosamizga ko‘ra, ushbu taklif fuqaro hamjamiyati bilan muloqot o‘rnatish, Belarus aholisini tashvishga solayotgan barcha masalalarni muhokama qilishga imkoniyat yaratdi, - dedi Lavrov.
Eslatib o‘tamiz, Belarusda 9-avgust kuni bo‘lib o‘tgan prezidenti saylovida Aleksandr Lukashenko 80 %, muxolifatchi Tixanovskaya 10 % ovoz to‘plagan edi. Shundan so‘ng saylov natijalaridan norozi bo‘lgan muxolifatchilar yangi saylovlar o‘tkazishni talab qilib, mamlakatda norozilik namoyishlari o‘tkaza boshladi. Aleksandr Lukashenko yangi saylovlar faqat yangi konstitutsiya qabul qilinganidan so‘ng o‘tkazilishini va’da berdi.
Polsha va AQSh Belarusdagi saylovlar natijasini tan olishini istamasligini, yangi saylovlar o‘tkazish kerakligi tarafdori bo‘lishdi. Rossiya Belarus saylovlari natijalarini qabul qiligan edi.