TOShKENT, 2 sen — Sputnik. Global innovatsion indeks-2020 (GII) reytingida O‘zbekiston 93-pog‘onadan o‘rin oldi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi besh yil davomida respublika GIIga ma’lumotlar mavjud bo‘lmaganligi sababli kiritilmagan.
2020 yilda 80 ta ko‘rsatkichdan iborat bo‘lgan Global innovatsion indeks reytingida O‘zbekiston dunyo mamlakatlari ichida Institutsional rivojlanish (Institutions), Inson kapitali va ilmiy tadqiqot faoliyati (Human capital & research), Infrastruktura (Infrastructure), Bilim va texnologiyalar natijadorligi (Knowledge & technology outputs) va Ijodiy natijadorlik (Creative outputs) kabi yo‘nalishlardagi indikatorlarda ijobiy natijalarga erishganini ko‘rish mumkin.
Reytingda Shveysariya 1-o‘rinni egallagan. Rossiya – 47-o‘rin, Qozog‘iston – 77-o‘rin, Qirg‘iziston – 94-o‘rin, Tojikiston – 109-o‘rinda keltirilgan.
Global innovatsion indeks 15 ta xalqaro indekslar, 4 ta Jahon iqtisodiyot forumi (World Economic Forum) tomonidan olib boriladigan so‘rovnomalar va 61 ta ko‘rsatkichlarga tegishli miqdoriy statistik ma’lumotlardan tashkil topgan.
Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyev 2019-2021 yillarda O‘zbekistonni innovatsion rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagan. Unda O‘zbekiston 2030-yilga kelib Global innovatsion indeks reytingi bo‘yicha jahonning 50 ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish ko‘zda tutilgan.